Tergov departamentida 2026-yil 2 oyi va mart oyining oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
2026-03-17 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 16-mart kuni, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi boʻlinmalari shaxsiy tarkibi ishtirokida 2026-yil 2 oyi va mart oyining oʻtgan davrida bajarilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusidagi rejalar muhokamasi yuzasidan videokonferensaloqa tizimi orqali tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik R.Ashropov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining barcha shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Oʻtgan haftada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar va qoʻyilgan topshiriqlarning ijrosiga qaratilgan masalalar koʻrib chiqildi.
Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda koʻtarilgan masalani qonuniy hal qilish bilan birga, muammoning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrganish, murojaatlarga olib kelayotgan omillarni aniqlab, ularni kamaytirish bilan tizimli ravishda shugʻullanish yuzasidan tegishli choralar belgilab olindi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish, xodimlarning kunlik xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, “ustoz-shogird” anʼanasi asosida yosh xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, tergov faoliyatini yanada yaxshilash, xodimlar tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.
Yigʻilishda Vazir oʻrinbosari tomonidan jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida yoʻl qoʻyilgan protsessual xato va kamchiliklar shahar-tumanlar kesimida birma-bir tahlil etilib, tizimda tergov sifatini yanada oshirish, tergovchi va surishtiruvchilarning kunlik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha hududiy tergov boshqarmalari boshliqlariga aniq topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda tergov boʻlinmalari xodimlari oldiga qoʻyilayotgan talablarga mos ravishda masʼuliyatni yanada kuchaytirish hamda kadrlarni bilim saviyasini oshirishga qaratilgan qator vazifalar yuzasidan tegishli choralar belgilab olindi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti




