Ayol va jamiyat. Har faslda moʻtabar
2026-03-17 23:00:00 / Yangiliklar

Mehr-muhabbat, goʻzallik timsoli boʻlgan ayol gul undirib, hovlisini, xonadonini obod etadimi, hunarmand, tadbirkor, oʻqituvchi-murabbiy yoki davlat xizmatchisi boʻladimi, uni bir soʻz bilan bunyodkor, fidoyi desak arziydi.
Ana shunday ezgu amallar sohibalari har qancha eʼzoz, ehtiromga arziydi. IIV “Dinamo” JTSJ moliya-iqtisod boʻlimi bosh inspektori, podpolkovnik Masʼuda Ahmedova ham shunday ayollardan biridir. U Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida respublikamizning taniqli ayollari jam boʻlgan davrada ushbu mukofotni qabul qilib olish men uchun nihoyatda hayajonli, quvonchli va yoqimli boʻldi, — deydi qahramonimiz. — Xalqimizda “Daraxt bir yerda koʻkaradi”, — deya bejizga aytilmagan ekan. Men ham ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib, jamiyatda oʻz oʻrnimni topdim. Shaxsiy hayotimda ham baxtga erishdim. Yillar bir-birini quvlab oʻtib borar ekan, insonning har bir amali umr kitobiga yangi mazmun boʻlib bitilaveradi.
Qahramonimizda ham shunday boʻldi, u dastlab ichki ishlar organlarida erkin yollangan ishchi sifatida faoliyat boshladi. Keyin oʻzining qatʼiyati, ishiga vijdonan munosabati bilan rahbariyat eʼtiboriga tushdi va shahodatlagan xodimlar safiga qoʻshildi.
Masʼuliyatli sohadagi xizmatini toʻkis bajarishida yaqinlari, ayniqsa, turmush oʻrtogʻi Toshkent shahar IIBB YHXBda uzoq yillar samarali xizmat qilgan isteʼfodagi mayor Fatxulla Ahmedov yordamini ayamadi. Ahil-inoqlikdagi oila boshi-yonida farzandlarining qiziqishlari, maqsadlarini qoʻllab-quvvatlab, el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashdi.
Ularning qizi Mohira Alimova ayni paytda Temir yoʻl yoqilgʻi-taʼmir boshqarmasida iqtisodchi. Oʻgʻli kapitan Nigʻmatilla Hikmatov esa Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy” TIF bojxona posti boshligʻi oʻrinbosari. Ibratli oilaning kelini Umida Hikmatova ham ichki ishlar organlari tizimida xizmat qiladi, unvoni mayor.
Ayolning suvratiyu siyratida ezguliklar bisyor. Qahramonimiz ham erta tongdan xizmatga otlanadi. Zimmasidagi masʼuliyatli vazifalar hisob-kitob, raqamlar bilan bogʻliq. Bunda, albatta, eʼtiborli boʻlish kerak. Kech tushib, oilasi bagʻriga qaytganida esa Masʼuda Ahmedovani biri-biridan shirin nabiralari Madinaxon va Umarxon kutib oladi.
Nabiralarim koʻzimning quvonchi, — deydi u. — Ular hamma charchoqlarimni aritadi. Tillari biyron shirintoylarim bugunning zukko bolalari, ularning juda savollari koʻp, baʼzan shoshirib ham qoʻyishadi. Ilohim, ota-onasi singari elu yurtga nafi tegadigan insonlar boʻlib ulgʻayishsin.
Na, fidoyilik qalbini yoritgan qahramonimizning har kunida ayollikning, onalikning ming bir fasliga xos xususiyatlar zohir. Ularning har biri betakror va xuddi gullarga burkangan bahor singari tarovatlidir.
©️ “Postda” gazetasi
