Intizom va halollik — tizim poydevori: Andijon viloyati IIBda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan yoʻriqnoma oʻtkazildi
2026-03-17 09:00:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir nafaqat tizimdagi masʼuliyatni oshirish, balki har bir xodimning vijdoni va kasbiy burchi oldidagi javobgarligini yanada chuqur his etishiga xizmat qildi.
Yoʻriqnoma Andijon viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sanjar Djabarov rahbarligida tashkil etilib, unda boshqarma apparati shaxsiy tarkibi hamda sohaviy xizmatlar xodimlari saf maydonida, shahar-tuman ichki ishlar organlari xodimlari esa onlayn tarzda ishtirok etdilar. Bu esa tadbirning qamrovi keng va ahamiyati yuqori ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Tadbir davomida ayrim nopok xodimlar tomonidan sodir etilgan korrupsiya va tamagirlik holatlari aniq misollar orqali tahlil qilinib, ularning oqibatlari chuqur tushuntirildi. Har bir misol orqali qonunbuzarlikning nafaqat xizmat faoliyatiga, balki insonning shaxsiy hayoti, obroʻ-eʼtibori va oilasiga qanday salbiy taʼsir koʻrsatishi ochiq-oydin koʻrsatib berildi.
Xodimlar hushyorlikka, poklikka va oʻz burchiga sodiq qolishga chaqirildi.Yoʻriqnomada soʻz olgan boshqarma boshligʻi tizim nomiga dogʻ tushirayotgan shaxslarning kelgusi taqdiri, ularning jamiyatdagi oʻrni va oila aʼzolariga boʻladigan taʼsiri haqida taʼsirchan va hayotiy misollar bilan toʻxtalib oʻtdi. U insonning bir lahzalik manfaat ortidan butun umrlik pushaymonga yuz tutishi mumkinligini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, tadbirda halollik va sadoqat namunasini koʻrsatgan xodimlar ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Fuqarolar tomonidan pora sifatida taklif etilgan pul mablagʻlarini rad etib, oʻz qasamyodiga sodiq qolgan bir guruh xodimlarga boshqarma boshligʻi tomonidan pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Ularning bu yuksak insoniy fazilati barchaga ibrat sifatida eʼtirof etildi.
Mazkur tadbir tizimda halollik, adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash, har bir xodim qalbida vatanparvarlik va masʼuliyat tuygʻularini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Intizom va poklik ustuvor boʻlgan joyda esa jamiyat ishonchi va barqarorlik taʼminlanishi shubhasiz.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









