Buxoroda jinoyatchilikni jilovlash, xavfsizlikni taʼminlash va bayramlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-03-17 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 16-mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida hududda xavfsiz muhitni yaratish va jamoat tartibini saqlash masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishni viloyat IIB boshligʻi ochib berib, soʻz navbatini viloyat hokimiga topshirdi. Viloyat hokimi oʻz maʼruzasida joriy yilning oʻtgan 2 oy va 10 kuni mobaynida sodir etilgan jinoyatlar tahlilini shahar va tumanlar kesimida batafsil muhokama qildi.
Xususan, mahallalarda sodir boʻlayotgan jinoyatchilik holatlariga alohida eʼtibor qaratilib, har bir shahar va tuman hokimlariga har oy yakuni bilan jinoyatchilik holatini shaxsan muhokama qilib borish vazifasi yuklatildi. Shundan soʻng tegishli masʼullarning hisobotlari eshitildi.
Tadbir davomida viloyat prokurori soʻzga chiqib, Gʻijduvon tumanidagi mahallalardan birida sodir boʻlgan oila-turmush doirasidagi oʻta ogʻir jinoyat xususida toʻxtaldi.
Ushbu holat yuzasidan oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, mahalla masʼullari tomonidan sodir etilgan boshqa qonunbuzarliklar ham tanqidiy koʻrib chiqildi.
Yigʻilish kun tartibidan raqamli xavfsizlik masalalari ham oʻrin oldi. Viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi sohadagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida yaratilgan maxsus tizimlar, xususan “Cybershielduz_bot” hamda boshqa tarmoq botlarining faoliyati boʻyicha taqdimot qildi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olishda Jizzax tajribasini qoʻllash va bu borada viloyat hokimining maxsus qarorini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Shu bilan birga, masʼullar tomonidan hududda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha taqdimot va takliflar eshitildi.
Tadbir davomida, viloyat IIB boshligʻi tomonidan yaqinlashib kelayotgan muborak “Ramazon hayiti” hamda “Navroʻz” umumxalq bayramlarini koʻtarinki ruhda va xavfsiz oʻtkazish, tadbirlar davomida jamoat xavfsizligini toʻliq taʼminlash borasida koʻrilishi lozim boʻlgan qatʼiy choralar aytib oʻtildi.
Yigʻilish soʻnggida viloyat hokimi tomonidan barcha mutasaddi rahbarlarga jinoyatchilikni jilovlash va aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha aniq muddatli vazifa va topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









