IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan “Tong yulduzi” mahallasida oʻrganishlar olib borildi
2026-03-16 19:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov tomonidan Toshkent shahri, Mirobod tumani hududida joylashgan “Tong yulduzi” mahallasida jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Mirobod tumani idoralararo tezkor shtabi ish faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida mahalladagi kriminogen vaziyat, profilaktika ishlarining samaradorligi hamda aholi bilan olib borilayotgan manzilli ishlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, profilaktika inspektorlari faoliyati, mahalla faollari va mutasaddi idoralar bilan hamkorlik holatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif davomida mahalla faollari, yoshlar va fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Suhbatlar chogʻida aholini qiynayotgan ijtimoiy masalalar, yoshlar bandligi, huquqbuzarliklarning oldini olish va xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha fikr-mulohazalar tinglandi.
Shu bilan birga, masʼul xodimlarga profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish, har bir xonadon kesimida manzilli ish olib borish, yoshlar bilan ishlashni tizimli tashkil etish hamda mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday oʻrganishlar hududlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda aholi muammolarini joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi







