Qoʻriqlash xizmati faoliyatidan. Qalqon bor — qalʼa but, qoʻrgʻon – salomat
2026-03-16 14:20:00 / Yangiliklar

Kun botib, shahar uzra oqshom choʻkkanda, chiroqlar oʻchib minglab yurtdoshlarimiz shirin uyqu ogʻushiga ketganda ham, kimlardir hali-hamon sergak, kimlardir esa hamon ostonada mahkam turibdi.
Bugun Namanganning har bir mahallasida, har bir ishlab chiqarish obyektida «Sifat, ishonch, xavfsizlik» tamoyili shunchaki jarangdor shior emas, balki hayotiy zaruratga aylandi.
Xoʻsh, bugun ushbu ezgu tamoyil viloyatimiz hududida qanday ifoda topmoqda? Viloyat IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati xodimlarining sergak nigohi va zamonaviy texnologiyalar uygʻunligi Namangan tinchligiga qanday hissa qoʻshmoqda?
Davr bilan hamqadam
Ilgari «qoʻriqlash» deganda, koʻz oldimizda faqat darvoza oldida turgan posbon gavdalanardi. Bugun esa bu tushuncha tarixga aylandi. Zamonaviy qoʻriqlash tizimi nafaqat inson omili, balki yuqori texnologiyalar va tezkor harakatlanuvchi guruhlarning yaxlit, mustahkam zanjiridir.
Davlatimiz rahbarining sohani isloh qilishga doir qarorlari tizim zimmasiga ulkan masʼuliyat yukladi.
Qoʻriqlash xizmati tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va tizimli targʻibot ishlari fuqarolar ongida muhim bir haqiqatni shakllantiryapti: mulk daxlsizligi – taraqqiyot va oilaviy baxtning poydevoridir. Bugun tadbirkorlar va oddiy fuqarolarning tizimga boʻlgan ishonchi keskin ortganini quruq soʻzlar emas, balki salmoqli raqamlar isbotlab turibdi.
Viloyatda birgina xalq xoʻjaligi va xususiy sektor yoʻnalishida yangidan qoʻriqlovga olingan obyektlar soni 4 537 taga koʻpaygani diqqatga sazovor. Bu raqamlarning oʻsishi natijasida umumiy koʻrsatkich 5 762 tadan 10 299 taga yetdi. Bu viloyat iqtisodiyotining qariyb har bir boʻgʻini, har bir korxona va inshooti ishonchli «qalqon» ostiga olinganidan dalolatdir. Bu minglab ish oʻrinlari va millionlab sarmoyalarning professional himoyasi demakdir.
Yangi qoʻriqlovga olingan 3 060 ta xonadon hisobiga jami koʻrsatkich 7 672 taga yetdi. Koʻrsatilgan raqamlar ortida minglab oilalarning xotirjamligi yotibdi.
Vaqt bilan poyga
Viloyat boʻylab tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonining 35 tadan 42 taga oshirilishi shunchaki sonlar oʻzgarishi emas. Bu viloyatning eng chekka nuqtasidan kelgan «tashvishli» signalga ham sanoqli daqiqalar ichida yetib borish, xavfning yoʻlini toʻsish va vaziyatni toʻliq nazoratga olish imkoniyatidir.
Tizimning naqadar talabgor va hayotiy ekanini oʻtgan yilning 1 aprelidan yil yakunigacha boʻlgan davrdagi koʻrsatkichlar yaqqol isbotlaydi: obyektlar salmogʻi 818 tadan 1 917 taga yetdi. Bir yilga yetmagan vaqt ichida 1 099 ta yangi obyektning qoʻshilishi xalqimiz va tadbirkorlarimiz oʻz taqdirini professionallarga ishonib topshirayotganining mahsulidir. Texnik qoʻriqlov yoʻnalishida ham oʻsish surʼatlari yuqori — obyektlar soni 8 382 taga, fuqarolar xonadonlari esa 7 672 taga yetkazildi.
Yuksak masʼuliyat
Oʻtgan yil davomida viloyat boʻyicha qayd etilgan 4 355 ta oʻgʻrilik jinoyatining fosh etilishi va oldi olinishida ushbu tizimning hissasi beqiyos boʻldi. Bu raqamlar ortida yuzlab jinoyatlarning bartaraf etilishi va minglab fuqarolarning mulki omon qolgani yotibdi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 36 ta moddasi boʻyicha berilgan yangi vakolatlar soha xodimlari uchun nafaqat huquqiy kuch, balki yuksak masʼuliyatdir.
Yil davomida aniqlangan 2 046 ta huquqbuzarlik holati jamiyatda tartib-intizomni mustahkamlashga xizmat qildi. 189 ta holatda mulkni talon-toroj qilishga chek qoʻyilib, 55 million soʻmlik boyliklar oʻz egalariga qaytarildi. Bu esa tizimning «inson qadri uchun» degan olijanob gʻoyaga sodiqligining isbotidir.
Oʻtgan davrdagi 62 ta jinoiy holatning fosh etilishi, jumladan, 30 nafar qidiruvdagi xavfli shaxsning qoʻlga olinishi, 26 ta giyohvandlik moddalari aylanishiga chek qoʻyilishi viloyatimizdagi jinoyatchilik zanjirini uzib tashladi. Zero, qoʻlga olingan har bir jinoyatchi sodir etilmay qolgan navbatdagi jinoyatning, asrab qolingan navbatdagi taqdirning garovidir.
Jahongir Toʻxtasinov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Namangan viloyati
