Probatsiya xizmati tashabbusi bilan Sergelida yoshlar bilan muloqot oʻtkazildi
2026-03-16 11:50:00 / Yangiliklar

Sergeli tumanida “Rahbar va yoshlar” mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya boshqarmasi boshligʻi polkovnik Azamat Shodiyevich Urakov ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazish, ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklar hamda bunday xatti-harakatlarning huquqiy oqibatlari haqida tushuntirish berishdan iborat boʻldi. Suhbat davomida yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shuningdek, probatsiya xizmati tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan va probatsiya hisobida turgan yoshlarning taqdirida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, ularga ijtimoiy-huquqiy yordam va qoʻllab-quvvatlash koʻrsatilmoqda. Probatsiya xodimlari yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va ish bilan taʼminlanishiga koʻmaklashmoqda.
Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan ishlardan asosiy maqsad — qayta huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish va xatoga yoʻl qoʻygan yoshlarni qonuniy hayot yoʻliga qaytarishdan iborat.
Uchrashuv davomida yoshlarda oʻz taqdiriga ongli munosabatni shakllantirish, jamiyat oldidagi masʼuliyatni his etish va huquqbuzarlik hamda jinoyatlarga oʻrin boʻlmagan hayot yoʻlini tanlash muhimligi alohida taʼkidlandi
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati



