Joriy yilning 13-mart kuni Toshkent shahrida jamoat xavfsizligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi uchun xavfsiz hamda barqaror muhitni taʼminlashga qaratilgan muhim yigʻilish boʻlib oʻtdi
2026-03-14 12:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov va Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov ishtirokida, Vazirlik sohaviy xizmatlari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul rahbarlari qatnashdilar.
Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yilda Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunali amaliyotni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, natijalar hamda mavjud muammolar tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Taʼkidlanganidek, poytaxtda jamoat xavfsizligini taʼminlash, aholi tinchligi va osoyishtaligini saqlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ichki ishlar organlari, mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, joylardagi mavjud holat tahlil qilinib, har bir tuman va mahalla kesimida xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning sabab va omillarini bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, tezkor xizmatlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
Mutasaddilar tomonidan aholi murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini taʼminlash borasida masʼul idoralarning faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon hayiti hamda Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan ommaviy tadbirlar davrida jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, bayram kunlari aholi gavjum boʻladigan joylarda va diniy marosimlar tashkil etiladigan maskanlarda xavfsizlikni kuchaytirish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini saqlash, turli noxush holatlarning oldini olish boʻyicha tegishli idoralar faoliyatini yanada samarali tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda jamoat tartibini taʼminlash, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda tezkor xizmatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda poytaxtda xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirish borasida aniq topshiriqlar berildi.



