IIV Akademiyasida harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi
2026-03-14 10:00:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir yoshlarning bilim va tafakkurini rivojlantirish, ularning intellektual salohiyatini yanada oshirish hamda turli taʼlim muassasalari oʻrtasida doʻstona munosabat va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahs-munozaralar davomida kursantlar oʻz bilimlari, tezkor fikrlashi va mantiqiy tahlil qilish qobiliyatlarini namoyon etishdi.
Turli sohalarga oid savollardan iborat bosqichlarda ishtirokchilar tarix, madaniyat, fan va zamonaviy texnologiyalarga doir bilimlarini sinab koʻrishdi.
Har bir jamoa gʻalaba qozonish uchun faol harakat qildi va savollarga tez hamda aniq javob berishga intilishdi.
Shu bilan birga, tadbir kursantlar oʻrtasida jamoaviylik, hamjihatlik va oʻzaro hurmat kabi muhim fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Bellashuv yakuniga koʻra, yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan jamoalar aniqlandi. Birinchi oʻrinni Bojxona instituti jamoasi egallab, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin IIV Akademiyasi kursantlariga nasib etdi. Uchinchi oʻrinni esa Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi egalladi.
Gʻolib va sovrindor jamoalar diplomlar hamda kitoblar toʻplamidan iborat esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar bunday intellektual oʻyinlar yoshlarning bilim doirasini kengaytirish, ularning tahliliy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtishdi.
Mazkur intellektual bellashuv kursantlar uchun nafaqat bilimlarini sinab koʻrish, balki oʻzaro tajriba almashish, yangi doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyish va maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan boyish imkoniyatini ham yaratdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



