Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni taʼminlash va yoʻl harakati xavfsizligini yaxshilash maqsadida oʻrganish ishlari olib borildi
2026-03-13 17:40:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida fuqarolar uchun xavfsiz va qulay muhitni shakllantirish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda mavjud muammolarni joyiga chiqib oʻrganish maqsadida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati tomonidan tizimli oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar davomida tumanda joylashgan muhim obyektlar va aholi gavjum hududlarda yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq holatlar tahlil qilindi. Jumladan, tuman hududidagi avtovokzal faoliyati oʻrganilib, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanayotgan haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Uchrashuvlarda haydovchilarga yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilish, transport vositalarini texnik soz holatda boshqarish hamda yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tuman hududida faoliyat yuritayotgan avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazish va diagnostika markazida ham oʻrganish ishlari olib borildi. Unda transport vositalarining texnik koʻrikdan oʻtkazilish jarayonlari, xavfsizlik talablariga rioya etilishi va haydovchilar uchun yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Mutasaddilarga transport vositalarining texnik sozligini taʼminlash yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda muhim omil ekani alohida taʼkidlandi.
Oʻrganishlar doirasida Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan “Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish sinfxonasi” ham koʻzdan kechirildi. Maktab oʻquvchilari bilan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish, yoʻllarni kesib oʻtish madaniyati, piyodalar xavfsizligi kabi masalalarda tushuntirish ishlari olib borildi. Yoshlar oʻrtasida yoʻl harakati madaniyatini shakllantirish kelgusida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Bundan tashqari, tumandagi avtoshohbekatlarda (pitak) ham haydovchilar bilan ochiq muloqot va profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuv davomida haydovchilarga harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilish, tezlik meʼyorlarini buzmaslik, piyodalar va boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish zarurligi haqida tavsiyalar berildi.
Jarayonlarda poytaxt hududidagi masjidlar atrofidagi yoʻl harakati xavfsizligi holatiga ham alohida eʼtibor berildi. Ayniqsa juma namozi hamda Ramazon oyi munosabati bilan taroveh namozlari vaqtida fuqarolar va transport vositalari harakati keskin ortishi inobatga olinib, ushbu hududlarda xavfsizlik choralariga alohida eʼtibor qaratildi.
Masjidlar oldidagi piyodalar oʻtish joylari, avtomobillarni toʻxtash tartibi hamda yoʻl belgilari holati koʻzdan kechirildi. Haydovchilarga transport vositalarini tartibli joylashtirish qilish, piyodalarga esa yoʻl harakati qoidalariga amal qilish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. Mazkur tadbirlar fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur oʻrganishlar davomida aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan tegishli masʼullarga zarur koʻrsatmalar berilib, yoʻl harakati xavfsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish borasida ishlarni izchil davom ettirish belgilab olindi.



