Patrul shahar kezadi. Xizmatda hamisha hushyor
2026-03-13 14:10:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyati ichki ishlar organlarida juda koʻplab yosh va fidoyi xodimlar xizmat qilishmoqda. Viloyat IIB JXX JTSB patrul-post xizmati otryadi uchinchi guruh inspektori, safdor Sherbek Boyqoʻziyev haqida ham ana shunday iliq fikrlarni aytish oʻrinli.
Lavhamiz qahramoni Fargʻona shahrida namunali oilada kamolga yetgan. Otasi Murodiljon Boyqoʻziyev hamda onasi Marhabo Boyqoʻziyevalarning bergan toʻgʻri tarbiyasi, bolalikdan halollik va mehnatsevarlikka oʻrgangani bugungi yutuqlarida muhim poydevor vazifasini oʻtayapti.
Fargʻona politexnika institutida tahsil olib, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallagan Sherbek 2022-yilda bolalikdan oʻzi orzu qilgan sohaga ishga kirdi. Qisqa fursatdayoq patrul-post xizmati otryadi safida ishlayotgan eng faol yosh xodimlar qatorida tilga olina boshladi.
U Fargʻona shahri hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida samarali xizmat qilmoqda. Fuqarolar bilan muloqotda esa xushmuomalalik va adolat tamoyillariga amal qiladi.
Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yangiliklar va qonunchilikdagi oʻzgarishlardan doimiy ravishda xabardor boʻlib borayotgani uning kasbiy mahoratini oshirishga, safdoshlar orasida hurmat qozonishiga xizmat qilmoqda.
- Otryadimizda shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirishga jiddiy eʼtibor beriladi, — deydi u. — Nazariy va amaliy mashgʻulotlar, sport musobaqalari xodimlarni har tomonlama chiniqtirsa, minglab kitob fondiga ega kutubxona maʼnaviy dunyoqarashimizni boyitishda muhim poydevor vazifasini oʻtayapti. Men ham barcha sport va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarida muntazam qatnashib kelyapman. Boʻsh vaqtlarimda esa kutubxonaga kirib, siyosiy va huquqiy kitoblarni oʻqishga ham vaqt topaman.
Lavhamiz qahramoni jinoyat va huquqbuzarliklarni «issiq izida» fosh etishda doim faol ishtirok etib kelayotgani tahsinga loyiq. Yaqinda Fargʻona shahrining Qirguli mavzesida hamkasbi, safdor Nodirbek Abdurahmonov bilan birga xizmat olib borish paytida psixotrop moddalar savdosini oʻziga kasb qilib olgan shaxsni jinoyat ustida qoʻlga olishdi.
«Spark» avtomashinasi haydovchisi uzoqdan patrullarni koʻrib, oʻzini bezovta tuta boshladi. Safdor Sherbek Boyqoʻziyev esa uni zimdan kuzatib turgan edi. Shu bois shubhali tarzda harakatlanayotgan haydovchining avtomashinasini toʻxtatib, tekshirib koʻrishga qaror qilishdi. Haydovchi bejiz oyogʻi kuygan tovuqdek bezovtalanmagan ekan. Uning avtomashinasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, 275 dona qadoqda ikki xil nomdagi hujjatsiz dori vositalari aniqlandi. Ushbu dorilarning bir turdagisi psixotrop moddalar turkumiga kirishi maʼlum boʻldi.
Fargʻona shahrining Neftchilar koʻchasida safdoshlari bilan birga xizmat olib borayotgan yosh patrul yana bir shubhali shaxsga roʻbaroʻ keldi. Oʻzini Margʻilon shahrida yashovchi fuqaro deya tanishtirgan ushbu shaxsning yoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, gashish giyohvand moddasi topildi.
Sh. Boyqoʻziyev faoliyatidan bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Ona Vatan tinchligi va xavfsizligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan va bundan doim faxrlanadigan lavhamiz qahramoni kabi shijoatli xodimlar yurt osoyishtaligining mustahkam qalqonlaridir.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
