Namanganda tergov faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi
2026-03-13 13:25:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatida tergov faoliyatini yanada takomillashtirish va uni yangi bosqichga koʻtarish, ichki ishlar hamda prokuratura organlari tizimida faoliyat yuritayotgan tergov xodimlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratilgan oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tergov faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, uning xolisligi va shaffofligini taʼminlash hamda har bir jinoyat ishi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishiga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud hamkorligida Namangan viloyati IIBda mazkur seminar mashgʻuloti oʻtkazildi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud sudyasi Elbek Turgʻunboyev, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, viloyat IIB hamda uning quyi tuzilmalari tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat prokuraturasi masʼul rahbarlari, tuman va shahar prokurorlarining sohaviy oʻrinbosarlari hamda tergovchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Seminarning asosiy maqsadi tergov jarayonlarini takomillashtirish, ish yuritishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, dalillarni toʻplash va baholash sifatini oshirish, shuningdek, tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, raqamli izlarni aniqlash, ularni toʻgʻri protsessual rasmiylashtirish, elektron maʼlumotlarni saqlab qolish va qonuniy tartibda mustahkamlash, shuningdek, tergov harakatlarini oʻtkazishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor maʼlumot almashinuvini taʼminlash, elektron qurilmalar va onlayn platformalar bilan ishlashda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muhim jihatlar muhokama qilindi.
Mashgʻulot munozara, amaliy misollar va savol-javob tarzida tashkil etildi.
Bunday oʻquv-amaliy seminarlar hududlarda muntazam tashkil etilib, tergov sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti



