Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish: Chilonzorda jinoyatchilikning oldini olish choralari tahlil qilindi
2026-03-12 17:45:00 / Yangiliklar

Oʻtgan yili respublikamizdagi 4 mingdan ziyod mahallada jinoyat sodir etilmadi. Bunga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida erishildi.
Bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa poytaxtimizda yangi namunaviy amaliyotning yoʻlga qoʻyilgani mahallalarda xavfsiz muhit yaratishda muhim omil boʻlmoqda.
IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov Chilonzor tumanining “Qozirabot” mahallasida boʻlib, jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Maʼlum boʻlishicha, mahalladagi kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida choraklik “yoʻl xarita”ga qoʻshimcha taklif va tavsiya kiritilgan. Ijtimoiy profilaktika obyekti boʻlgan 18 nafar, “xavf guruhi”dagi 5 nafar shaxs “mahalla yettiligi”ga biriktirilgan.
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish uchun joylarga 25 ta tashvish tugmasi oʻrnatilib, qoʻshimcha 6 ta patrullik yoʻnalishi tashkil qilingan. Yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha tashkilot va muassasalarga oʻndan ziyod taqdimnoma yuborilgan. Aholi oʻrtasida profilaktik va targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, sodir qilingan jinoyatlar keng muhokama qilingan.
Akademiya boshligʻi “mahalla yettiligi” xodimlari bilan muloqotda salmogʻi yuqori jinoyatlarga eʼtibor qaratdi. Taʼlim muassasasi vakillariga ularning asl omillarini ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida oʻrganish, birgalikda oldini olish choralarini koʻrish, xavfsiz muhitni shakllantirishda natijadorlikni oshirish yuzasidan topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, mahalladagi 20 ta koʻp qavatli, 445 ta yakka tartibdagi uyda 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Oʻtgan yili oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlardan eng koʻpini oʻgʻirlik jinoyati tashkil etgan. Shundan kelib chiqib, hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, jinoyatlarning xususiyatiga qarab qoʻshimcha kuch-vositalarni yoʻnaltirish zarurligi aytib oʻtildi.
Shu kuni masʼullarga kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni oʻz vaqtida bartaraf etish, ijtimoiy profilaktika tadbirlari qamrovini oshirish, aholi bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali muammolarni oʻrganib borish va boshqa dolzarb yoʻnalishlarda tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati




