Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash masalalari yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi
2026-03-11 08:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov tomonidan sohaviy xizmat masʼullari, Poytaxt IIBB rahbariyati hamda Chilonzor tumani mutasaddilari ishtirokida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash masalalari yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda poytaxt hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, aholi tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tanqidiy selektor yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosi ham atroflicha muhokama etildi.
Xususan, Chilonzor tumanidagi mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ularni jinoyatdan holi hududga aylantirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi bilan muloqotni yanada faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, transport vositalari harakatini tartibga solish, piyodalar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, bozorlar va savdo majmualari atrofida tartib-intizomni taʼminlash, noqonuniy savdo holatlarining oldini olish, aholiga yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu kabi jinoyat turlarining oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, tezkor-qidiruv tadbirlarini kuchaytirish va profilaktik chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, poytaxtda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shakllantirilgan ilgʻor tajriba — “poytaxt namunasi”ni Chilonzor tumanida toʻliq joriy etish, bu orqali hududda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash va aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga boʻlgan ishonchini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻrganishlar davomida Chilonzor buyum bozorida “Raqamli va xavfsiz bozor” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi.
Xususan, bozorga xizmat koʻrsatuvchi Ichki ishlar boʻlimi binosi kapital taʼmirlanib, yaqin kunlarda boshqaruv markazi tashkil etiladi. Bu orqali bozordagi tezkor vaziyat doimiy nazorat qilinadi.
Shuningdek, bozorda “elektron billing tizimi” va sunʼiy intellekt kameralari joriy etilmoqda. Ushbu tizim savdo rastalari va narxlarni monitoring qilish, soliqdan boʻyin tovlash va noqonuniy yigʻimlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tutash hudud hisoblangan Toshkent viloyati Zangiota tumani IIB faoliyati oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, profilaktika ishlarining samaradorligi hamda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati koʻrib chiqildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkib bilan xizmat oldi yoʻriqnomasi oʻtkazilib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, aholi osoyishtaligini saqlash va xizmat vazifalarini vijdonan bajarish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida ogʻir toifaga kiruvchi “Zarqoʻrgʻon” mahallasi oʻrganildi. Tahlil jarayonida mahalladagi jinoyat oʻchoqlari atroflicha koʻrib chiqilib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Oʻrganishlar davomida profilaktika inspektorlari, qoʻriqlash boʻlinmalari hamda post-patrul xizmati rahbarlariga mahallada jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va profilaktika tadbirlarini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish hamda hududda xavfsiz muhitni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Chilonzor tumanida masʼul rahbarlarga belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, har bir mahallada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Taʼkidlanganidek, aholi osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.









