IIV Akademiyasida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi
2026-03-08 11:00:00 / Yangiliklar

Yangi Oʻzbekistonda ayollar jamiyat va davlat hayotining muhim tayanchiga aylanib bormoqda. Ularning qadr-qimmatini yuksaltirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda.
Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan IIV Akademiyasida boʻlib oʻtgan tadbirda turli jabhalarda samarali mehnat qilayotgan, ilmu-maʼrifati va fidoyiligi bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan ayollar shaʼni ulugʻlandi.
Tantanali tadbirda akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Oqila ayollarimiz azal-azaldan oilaning mustahkam qoʻrgʻoni, mehr va sadoqat, matonat va fidoyilik timsoli boʻlib kelgani, keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Bugungi tahlikali zamonda yurtimizda hukm surayotgan osoyishta hayotning qadri tobora ortib bormoqda. Barchamiz shukronalik hissi bilan yashab, yoshlarimizni bilimli, vatanparvar inson etib tarbiyalashimiz, baxtli va farovon kunlar zamirida ulkan mashaqqatlar borligini ular ongiga singdirishimiz kerak.
Bu esa avvalo yurtimizdagi barcha onalar, sizlar kabi taʼlim-tarbiya jonkuyarlarining zimmasida, – dedi Akademiya boshligʻi.
Bayram tadbirida ayollarning ijtimoiy-siyosiy mavqeyini yuksaltirish, ularga gʻamxoʻrlik qilish, kursant qizlarga munosib taʼlim-tarbiya berish, salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish ustuvor vazifalardan ekanligi aytib oʻtildi.
Faoliyatida yutuqlarga erishayotgan bir guruh xotin-qizlar idoraviy mukofotlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.
Xotin-qizlarga eʼtibor jamiyat farovonligining poydevori sanaladi. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekistonni ayollari hayotdan rozi boʻlib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim”, deya alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Bu eʼtirof barchamizni ruhlantirdi. Mehnatlarimizning yuksak darajada qadrlanayotgani qalbimizga cheksiz iftixor bagʻishlab, yanada masʼuliyat bilan ishlashga undashi shubhasiz, – dedi Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Lola Rajabova.
Tadbir obod Vatanimizni, musaffo osmonimizni, munis va dilbar ayollarni madh etuvchi qoʻshiqlar bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









