“Yangi Oʻzbekistonning shijoatli ayollari!” shiori ostida ichki ishlar organlari xotin-qizlarining V Respublika forumi boʻlib oʻtdi
2026-03-07 22:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy va kasbiy faolligini oshirish hamda ijodiy-intellektual salohiyatini namoyon etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga muvofiq joriy yilning 2–4-mart kunlari Xorazm viloyatida “Yangi Oʻzbekistonning shijoatli ayollari!” shiori ostida ichki ishlar organlari xotin-qizlarining V Respublika forumi boʻlib oʻtdi.
Forum doirasida respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 144 nafar xodima ishtirokida bir qator maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlari tashkil etildi. Jumladan, “Fidoyi ayol xodim”, “Eng yaxshi kitobxon xodima” koʻrik-tanlovlari hamda “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi.
“Fidoyi ayol xodim” koʻrik-tanlovi doirasida 18 ta jamoa oʻrtasida sport va amaliy mashgʻulotlar tashkil qilinib, ishtirokchilar Makarov pistoletini qismlarga ajratish va yigʻish, oʻq otish, jismoniy tayyorgarlik mashqlari hamda nazariy bilimlar boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyon etdilar. Natijalarga koʻra, 1-oʻrin podpolkovnik Dilnoza Redjabovaga, 2-oʻrin podpolkovnik Nodira Yesamuratovaga, 3-oʻrinlar mayor Sojida Saydaliyeva va mayor Klara Narmanovalarga nasib etdi.
Az-Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida oʻtkazilgan “Eng yaxshi kitobxon xodima” tanlovida ishtirokchilar badiiy asarlar boʻyicha bilimlari, tezkor fikrlash va adabiyotga oid savollarga javob berish boʻyicha bellashdilar. Unda 1-oʻrin leytenant Elmira Urozmatovaga, 2-oʻrin katta leytenant Aziza Tursunpoʻlatovaga, 3-oʻrin mayor Nargiza Muxammadiyevaga berildi.
Forumning yana bir qiziqarli qismi sifatida Xiva shahridagi Ichan Qalʼa tarixiy majmuasida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi. Unda 18 ta jamoa ishtirok etib, bilim va tafakkur borasida bellashdilar. Natijada 1-oʻrin Buxoro viloyati IIB jamoasiga, 2-oʻrin IIV Jazoni ijro etish departamenti jamoasiga, 3-oʻrin Toshkent viloyati IIBB jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlar Ichki ishlar vazirining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Bunday forumlar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy mahorati, intellektual salohiyati va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









