Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni“ munosabati bilan sohada faoliyat koʻrsatuvchi ayol xodimalar uchun tantanali bayram tadbiri tashkil etildi
2026-03-07 18:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda xotin-qizlarning haq-huquqlarini roʻyobga chiqarish, gender tengligini taʼminlash masalasi Davlat siyosati darajasigacha koʻtarildi.
Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan “Ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror boʻladi” deya taʼkidlanib, jamiyatda ayollarning rolini oshirish masalasi qanchalik muhim ekanligiga alohida urgʻu berilgan.
Darhaqiqat, Ichki ishlar organlarida erkaklar bilan bir safda xalq manfaatlari yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan fidoyi ayollarning ham oʻrni beqiyos.
Profilaktika, migratsiya, tergov, jinoyat-qidiruv, yoʻl harakati xavfsizligi, tibbiy xizmat koʻrsatish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha xizmat va yoʻnalishlarda rahbar ayollar soni koʻpayib borayotganligi alohida eʼtirofga sazovor.
Bahoriy goʻzallik va nafosat bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida tashkil etilgan tantanali tadbirda, Ichki ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov yurtimizda ayollarning faolligi va tashabbusini qoʻllab quvvatlash shaxsan davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning ajralmas qismi ekanligi taʼkidlab, vazirlik tizimida ham oʻn minglab xotin-qizlar bildirilgan ulkan ishonchni oqlab, masʼuliyatli vazifalarni uddasidan chiqayotganliklarini taʼkidlab oʻtdi.
Goʻzal opa-singillarimizning oʻz oilasi va farzandlari tarbiyasi bilan bir qatorda nafaqat vazirlik tizimidagi taʼlim va tibbiyot muassasalarida balki, yigitlar bilan yelkama-yelka saf boʻlinmalari va tezkor tuzilmalarda sabot bilan xizmat olib borayotganliklari eʼtirof etildi.
Soʻnggi besh yilda Prezidentimiz Farmonlari bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning 33 nafari yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. Xususan, kuni kecha Surxondaryo viloyati Denov tumani ichki ishlar boʻlimi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi boshligʻi Sadbaroy Jumayeva “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganligi, tizimdagi ayollarga boʻlgan eʼtiborning yorqin misolidir.
Oxirgi yillarda ilmiy daraja va unvonlarga sazovor boʻlgan xodimalar soni oshib hozirda tizimga tegishli taʼlim muassasalarida 59 nafar falsafa doktori (PhD) va 12 nafar fan doktorlari xizmat olib bormoqda.
Shuningdek, hozirda IIV Akademiyasida 280 dan oshiq qizlar oʻqimoqda. Vazirlik tizimiga tegishli akademik litseylarida esa 750 nafar qizlarimiz taʼlim olmoqda.
Tadbir jarayonida, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra faoliyatida ulkan natijalarga erishayotgan, namunali xizmat olib borayotgan, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi taʼminlashda fidoyilik koʻrsatayotgan va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qoʻshayotgan bir guruh xodimalar taqdirlandi.
Idoraviy koʻkrak nishonlari, faxri yorliq va esdalik sovgʻalari bilan bir qatorda navbatdagi va ragʻbatlantirish tariqasida muddatidan avval maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Bayram munosabati bilan nafaqat tizimdagi ayollar balki yurt posbonlarini dunyoga keltirib voyaga yetkizgan onalarga ham minnatdorchilik bildirildi. Bu ezgu anʼana butun mamlakatmiz miqyosida yoʻlga qoʻyilib, ichki ishlar vazirining minnatdorchilik xatlari xodimlarning mehribon onalariga yetkazildi.
Tantanali tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi qoshidagi ashula va raqs ansamblining xonandalari oʻzlarining betakror qoʻshiq va raqslari bilan ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdilar.









