8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Anvarovich Tashpulatovning bayram tabrigi
2026-03-08 08:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari, harbiy tuzilmalar va taʼlim muassasalarida xizmat qilayotgan aziz opa-singillarimizni, faxriy ayollarimizni bahor faslining nafis ayyomi boʻlgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimizda munis va moʻtabar onajonlarimizni, opa-singillarimizni ardoqlash, aziz ayollarimizga hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratishga har qachongidan ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev: Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori boʻlib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni koʻramiz. Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir soʻz bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz, – deya alohida taʼkidladilar.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan aziz va muhtaram ayollar nafaqat namunali oila bekasi, mehribon ona va xonadonlar tayanchi, balki qalbida Toʻmarisga xos jasorat, Vatanga sadoqat va yuksak masʼuliyat tuygʻusi joʻsh urayotgan mard va matonatli safdoshlarimizdir.
Sizlar erkaklar bilan yelkama-yelka turib, yurtimizda jamoat tartibini taʼminlash, fuqarolarning tinch va osuda hayotini muhofaza qilish, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish yoʻlida fidokorona xizmat qilib, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshmoqdasizlar. Bu esa barchamizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Faxr bilan taʼkidlash joizki, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan koʻplab fidoyi va jasoratli ayollarimizning samarali mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, ular har yili yuksak unvonlar va davlat mukofotlari bilan munosib taqdirlanmoqda.
Bu, shubhasiz, yurtimizda ayollarga boʻlgan yuksak eʼtibor va ehtiromning yorqin ifodasi boʻlib, barchamiz uchun katta iftixor manbai hisoblanadi. Ishonamizki, sizlarning yuksak matonat, sadoqat va vatanparvarlik ruhi bilan olib borayotgan sharafli xizmatingiz bundan buyon ham yangi-yangi yutuqlar va yuksak marralar bilan davom etadi.
Qadrli ayollar va aziz opa-singillar!
Fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu goʻzallik va nafosat ayyomi bilan yana bir bor samimiy qutlab, sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadoningizga fayz-u baraka tilayman.
Vazir general-leytenant A. Tashpulatov
