Xorazm viloyati mahallalarida xavfsiz muhit yaratish boʻyicha amaliy ishlar oʻrganildi
2026-03-07 13:05:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi qarori mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
IIV akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Urganch va Xiva shaharlaridagi “Navbahor”, “Istiqlol”, “Sangar”, shuningdek Bogʻot va Urganch tumanlaridagi “Oqtepa”, “Oyoqbogʻ” mahallalarida boʻldi.
Manzilli oʻrganishlar chogʻida “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan muloqot qilinib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi uchun xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan keng qamrovli ishlar muhokama qilindi.
Aytish joizki, shu kungacha akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan mazkur mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirildi. Choraklik “yoʻl xarita”lar oʻrganilib, aniq chora-tadbirlarni qamrab olgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarga 26 ta zamonaviy kamera, 19 ta tashvish tugmasi, 12 ta tungi chiroq oʻrnatildi. Koʻp qavatli uylarning kirish-chiqish joylariga 20 ta domofon qoʻyilib, 30 ga yaqin obyektlar texnik qoʻriqlovga olindi. Kriminogen xavfi yuqori joylarga qoʻshimcha profilaktika inspektorlari va patrul guruhlar yoʻnaltirildi.
Bundan tashqari, xonadonlarni oʻrganish jarayonida ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishi lozim boʻlgan shaxslar aniqlanib, “mahalla yettiligi”ga biriktirildi. Mahalla guzarlari, tashkilot va muassasalarda oʻtkazilgan profilaktik tadbirlarda 900 nafarga yaqin aholi qamrab olindi.
Koʻrilayotgan amaliy saʼy-harakatlar natijasida “Sangar” “Oqtepa”, “Oyoqbogʻ” mahallalarida joriy yil boshidan buyon jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan boʻlsa, “Navbahor”, “Istiqlol” mahallalarida kriminogen vaziyat bosqichma-bosqich barqarorlashtirilmoqda.
Akademiya boshligʻi mahallalardagi uchrashuvlar chogʻida “jinoyat oʻchoq”lariga barham berish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, aholi muammolarini oʻrganish, bandlik masalalarini hal qilish, shuningdek ijtimoiy profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratdi. “Mahalla yettiligi” tizimi xodimlari va masʼullarning takliflarini tinglab, tegishli tavsiyalar berdi.
Oʻrganishlar yakunida “yoʻl xarita”lar ijrosini sifatli taʼminlash, mahallalarda “poytaxt namunasi” asosida amaliyotga joriy qilinayotgan ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, kriminogen vaziyatni kunlik tahlil qilish orqali jinoyatlarning barvaqt oldini olish yuzasidan qator chora-tadbirlar belgilab olinib, ijroga qaratildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



