Prezident topshiriqlari ijrosi va mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash masalalari yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi
2026-03-07 10:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari R.Ashropov, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev, viloyat IIB boshligʻi A.Shermuxamedov, viloyat prokurori M.Axmedov, viloyat IIBning sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman prokurorlari va oʻrinbosarlari, ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari, ularning sohaviy oʻrinbosarlari viloyat studiyasidan ishtirok etdi.
Videoselektor tarzda oʻtkazilgan yigʻilishda jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish, qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi hamda ijro intizomi holati chuqur tahlil qilindi.
Jumladan, jinoyatga oid ariza va xabarlarni qabul qilish hamda ularni tekshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda shahar-tuman IIB boshliqlari va prokurorlarining hisoboti eshitilib, kelgusida bajariladigan chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha oʻtkazilgan tanqidiy selektor yigʻilishida belgilangan vazifalar, xususan, uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha “poytaxt namunasi”ni viloyatda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida qonun ustuvorligini taʼminlash, xususan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi xodimlarni (tezkor qidiruv, profilaktika, yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari, tergovchi va surishtiruvchilar) oʻqitish, ularning huquqiy bilimini oshirish borasidagi ishlar belgilab berildi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti



