Ustoz-shogird. Har suhbati «mahorat darsi»
2026-03-07 02:55:00 / Yangiliklar

- Otam Normoʻmin Turanqulov uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, kapitan unvonida yorugʻ yuz bilan pensiyaga chiqqan edi, - deydi Yunusobod tumani «Uvaysiy» mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Zuxrjon Turanqulov. - Ikkimiz doim hamfikr edik, u kishi mening eng birinchi ustozim boʻlgan. Hozir otam oramizda yoʻq, ammo hayotining soʻnggi kunlarida ham masʼuliyatli xizmatim haqida qaygʻurib nasihat qilgani kechagidek quloqlarim ostida jaranglab turadi. Bugun otamdan, ustozlarimdan oʻrganganlarimni yosh xodimlarga boyitib yetkazishga harakat qilaman.
Mayor Zuxrjon Turanqulov, qariyb 28 yildirki, tizimda xizmat olib boradi. Shogirdlari juda koʻp. U sohada xizmat boshlagan yosh xodimlarga jonkuyar ustoz, kezi kelganida, bagʻrikeng otadek maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, yillar davomida orttirgan tajribasini oʻrgatishdan erinmaydi.
- Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olib, xizmat boshlaganimga koʻp vaqt boʻlgani yoʻq, - deydi «Uvaysiy» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Bobur Tojimboyev. - Huquq-tartibot sohasiga yoshligimdan qiziqqanman. Shuning uchun huquqshunoslik yoʻnalishida oʻqidim. Biroq ushbu sohada ishlash uchun faqatgina nazariy bilimning oʻzi yetarli emas ekan. Shu oʻrinda ustoz borasida omadli ekanligimni aytib oʻtishim kerak. Hozirda ustozim - mayor Zuxrjon Turanqulovning maslahat, tavsiyalari yordamida nazariy bilimlarimni amaliyotga uygʻunlashtirishim oson kechmoqda. Ustozimdan avvalo aholi bilan ishlashni, muomala madaniyatini, murosa qilishni oʻrgandim. Muammoli vaziyatlarga toʻgʻri baho berish, masalaning yechimini qonun talablaridan kelib chiqqan holda topish malakasini tobora yaxshiroq oʻzlashtiryapman. Aslida, ustozim bilan xizmat jarayoni haqidagi har bir suhbatimizni «mahorat darsi» deyish mumkin.
Ichki ishlar organlaridek masʼuliyatli sohada har bir xodim uchun bildirilgan ishonchni oqlash - sharaf. Bunday ezgu maqsad yoʻlida ustoz-shogirdlik anʼanasi eng muhim omillardan biridir.
- Zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirgan, ziyrak, shijoatli yoshlar ishimizning davomchilaridir, -deydi mayor Zuxrjon Turanqulov. - Leytenant Bobur Tojimboyev xizmatining ilk kunlaridanoq oʻzining zukkoligi, tirishqoqligi bilan eʼtiborimni tortdi. Toʻgʻri, u hali yosh, biroz shoshqaloqligi bor. Ammo oʻz ustida ishlashdan erinmaydi, tanqidni toʻgʻri qabul qiladi. Uning kelajakda malakali kadr boʻlib yetishishiga ishonchim komil.
Ustoz-shogirdlik anʼanasiga kecha, bugun va ertani bir-biriga bogʻlovchi koʻprik deya taʼrif berish mumkin. Bunda ustozning fidoyiligi, shogirdning shaxti birlashsa, albatta, qaysi kasb yoki xizmatda boʻlmasin, shu sohaning mohir mutaxassisi shakllanadi. Oramizda Mayor Zuxrjon Turanqulovdek jonkuyar ustozlar, leytenant Bobur Tojimboyev singari shijoatli yosh xodimlar bor ekan, sohaning ertasi ishonchli qoʻllardadir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
