Toshkent shahar IIBBda xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan Hosilbek Eshnazarovning xotira majmuasi ochildi
2026-02-01 13:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBBda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarov xotirasiga bagʻishlab yodgorlik majmuasi ochildi.
Marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoatchiligi, Hosilbek bilan yelkama-yelka xizmat xizmat qilgan safdoshlari va oila aʼzolari ishtirok etdi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlar lavhi yana bittaga koʻpaydi. Jasoratli oʻgʻlonlarning pok xotirasi yod etilib ularning poyiga gulchambarlar qoʻyildi.
Hosilbek Eshnazarovning porloq xotirasiga ehtirom koʻrsatish tadbiri davomida Ichki ishlar vaziri tomonidan uning mashaqqatli xizmat faoliyati, Prezidentimiz tomonidan eʼtirof etilganligi va har bir xodimga oʻrnak boʻlishi taʼkidlandi.
Mana shunday burchga sadoqatning eng yuksak namunasini namoyon yetgan farzandni voyaga yetkazgan Beknazar ota va Dilorom opaga shaxsiy tarkib nomidan yana bir bor minnatdorlik bildirildi.
Davlat rahbarining, yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan har bir vatan himoyachisiga bildirgan ulkan ishonchi, ularga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar albatta fidoyilik va mardlik namoyon etishga undaydi.
Hosilbekning oilasi, farzandlari, va ota-onasi hamisha davlatimiz eʼtiborida boʻlib, ijtimoiy muhofazasi taʼminlab boriladi.
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi 62-maktabda esa Hosilbek uchun yodgorlik barpo etiladi va u oʻquvchilar qalbida vatanga va burchga sadoqat ramziga aylanadi.
Shaxsan davlat rahbarining eʼtibori bilan, Hosilbek Eshnazarov yuksak unvon “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri tomonidan ushbu medal Hosilbekning otasiga topshirildi. Shu bilan birga Prezident sovgʻasi sifatida Eshnazarovlar oilasiga uch xonali xonadon taqdim etildi.
Oʻsha mashʼum tunda kichik serjant Eshnazarov bilan bir yoʻnalishda xizmat olib borgan safdoshi voqeani xotirlar ekan, agar xodim jinoyatchini oʻz vujudi bilan toʻxtatib qolmaganda hodisa oʻta ayanchli oqibatda yakunlanishi mumkinligini aytib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, jamoatchilikni oyoqqa turgʻizgan holatda butun xalq birlashib ichki ishlar xodimlari tomonida turdi. Ha, xalq oʻz qahramonlarini yaxshi taniydi.
Mustaqillik yillarida 118 nafar ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻldi. Hosilbek Eshnazarovning ismi ham ana shunday mard oʻgʻlonlar safida zarhal harflar bilan yozildi.
Muqaddas qasamyodiga sadoqat koʻrsatgan YPX inspektori qalbimizda mangu yashaydi.









