Illat. “Qora bozor”ga yetib bormadi
2026-03-05 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida viloyat IIBB tomonidan DXX hududiy boshqarmasi hamda tuman IIB hamkorligida navbatdagi tezkor tadbirda jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Tadbir davomida 20-26 yoshli 4 nafar shaxs tumanning “Nurafshon” mahallasidagi vaqtincha ijaraga olingan xonadonda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qoʻlbola usulda tayyorlash maqsadida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi.
Ushbu manzildan 3 kg pregabalin, 25 kg trilon, 20 litrli idishlarda suyuqlik va prekursorlar, boʻsh kapsulalar, 3 ming dona boʻsh flakon topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Surishtiruvlarda gumonlanuvchilar laboratoriyani tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalarni internetdagi narkodoʻkon kuratorlaridan olib, ularning moliyaviy koʻmagida ish yuritgani aniqlandi.
Dastlabki maʼlumotga koʻra, musodara qilingan moddalarning “qora bozor”dagi qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etib, 50 mingdan ortiq dozadagi dorilar tarqatilishining oldi olindi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozir tergov harakatlari olib borilyapti.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, katta serjant. Toshkent viloyati.
