Buxoro viloyati IIB rahbariyatining Olot tumanida sayyor qabuli oʻtkazilib, fuqarolarning muammolari joyida hal etildi
2026-03-05 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 4-mart kuni Buxoro viloyati Olot tumani “Boʻribek-Chandir” mahallasi binosida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi ishtirokida fuqarolarning murojaatlari va kundalik muammolarini hal etishga qaratilgan ommaviy sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
Tadbirda fuqarolar ishtirok etib, oʻzlarini qiynayotgan turli ijtimoiy va huquqiy masalalar yuzasidan bevosita boshqarma boshligʻiga 15 dan ortiq murojaat yoʻllashdi.
Sayyor qabul davomida koʻtarilgan asosiy masalalar qatorida maishiy, iqtisodiy hamda tergov, sud va huquq sohasiga oid masalalar, fuqarolarni ishga joylashtirish va bandligini taʼminlash, probatsiya hisobida turgan shaxslarni tayinlangan jazodan muddatidan oldin ozod qilish, tadbirkorlik va oʻz ishini boshlash uchun yer ajratish hamda tijorat banklaridan kredit olish, talabalarning toʻlov-kontrakt pullarini toʻlashda amaliy yordam koʻrsatish, ish beruvchilar tomonidan vaqtida toʻlanmay kelinayotgan ish haqlarini undirib berish oʻrin oldi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan masalalar boʻyicha tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Qabul davomida koʻrsatilgan amaliy yordam va muammolarning tezkorlik bilan hal etilganligi uchun fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga minnatdorchilik bildirildi.
Shuningdek, sayyor qabul doirasida mahalla yettiligi hamda hududdagi korxona va tashkilot rahbarlari ishtirokida alohida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarori hamda poytaxtimizning “Chilonzor tajribasi” asosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokama qilinib, mutasaddilarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







