Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi Xovos tumanining “Doʻstlik” mahallasida oʻrganish ishlarini olib bordi
2026-03-01 13:00:00 / Yangiliklar

Dastavval boshqarma boshligʻi mahalla binosida boʻlib, u yerda mahalla yettiliklari, profilaktika inspektori hamda hududga biriktirilgan masʼul xodimlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aholi ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, muammoli oilalarni aniqlash hamda ijtimoiy profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilning 5-yanvar kuni qabul qilingan Prezident qarorlari – PQ-1 va PQ-2 sonli qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi. Mazkur qarorlar asosida mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, masʼul idoralar hamkorligini kuchaytirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng boshqarma boshligʻi ushbu mahallada joylashgan 1-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida maktab rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazilib, taʼlim muassasasida oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning keyingi manzili shu mahallada joylashgan umumiy yotoqxona boʻldi.
U yerda boshqarma boshligʻi yotoqxonada istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan bevosita muloqot qilib, profilaktik suhbatlar oʻtkazdi. Suhbat davomida fuqarolarni qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar, kommunal sharoitlar, xavfsizlik masalalari hamda ularning taklif va murojaatlari tinglandi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, yotoqxonada xavfsizlikni taʼminlash maqsadida oʻrnatilgan qoʻriqlash “tashvish tugmasi”ning ishchi holati amalda tekshirildi. Tezkor chaqiruvga javob berish vaqti, signalning qabul qilinishi va tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining yetib kelish tartibi oʻrganildi.
Tekshiruv davomida tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining xizmat faoliyatiga baho berilib, aholi xavfsizligini taʼminlashda ularning masʼuliyati va tezkorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻrganishlar davomida boshqarma boshligʻi mahallada istiqomat qilayotgan alohida toifadagi shaxslar bilan ham uchrashib, profilaktik suhbatlar olib bordi.
Suhbat jarayonida ularning ijtimoiy ahvoli, yashash sharoitlari, ish bilan bandligi hamda kundalik hayotda duch kelayotgan muammolari atroflicha oʻrganildi.
Boshqarma boshligʻi tomonidan masʼul idoralar bilan hamkorlikda muammolarga yechim topish, manzilli ijtimoiy koʻmakni kuchaytirish hamda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Boshqarma boshligʻi ushbu mahallada joylashgan spirtli ichimliklar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonga ham tashrif buyurdi.
Tashrif chogʻida savdo shoxobchasida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, spirtli ichimliklarni sotish tartibi, yoshga doir cheklovlarga qatʼiy amal qilinishi hamda savdo vaqti boʻyicha belgilangan meʼyorlar ijrosi oʻrganildi.
Shuningdek, doʻkonda videokuzatuv vositalari mavjudligi, jamoat tartibini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralar holati tekshirildi. Savdo xodimlariga spirtli ichimliklarni voyaga yetmagan shaxslarga sotish qonunan taqiqlangani, qoidalarga amal qilmaslik esa belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi tushuntirildi.
Tashrif yakunida hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, aholi bilan yaqin muloqot oʻrnatish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



