Buxoro shahrida xavfsiz yoʻllar va obodonlashtirish ishlari: Viloyat IIB boshligʻi hududlarda oʻrganishlar olib bordi
2026-03-01 01:05:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati IIB boshligʻi 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurib, Buxoro shahri markaziy koʻchalaridagi avtomobil yoʻllarini ikkiga ajratuvchi beton bordyurlar ustiga oʻrnatish uchun moʻljallangan metall konstruksiyali toʻsiqlarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishdi.
Oʻrganishlar davomida har bir temir toʻsiqni sifatli, belgilangan standart hamda texnik talablar asosida ishlab chiqarish va ularni oʻz vaqtida manzilga yetkazib berish yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng, viloyat IIB boshligʻi Buxoro shahrining “Bahouddin Naqshband” koʻchasida tayyor metall toʻsiqlarni oʻrnatish ishlarini ham koʻzdan kechirdi. Jarayonda masʼullarga har bir metall panjarani amaldagi qurilish meʼyorlari va xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻrnatish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Mazkur metall konstruksiyalarni oʻrnatishdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, piyodalar ishtirokida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, shuningdek, Buxoro shahrining turistik jozibadorligini yanada oshirishdan iboratdir.
Bundan tashqari, boshqarma boshligʻi tomonidan Buxoro shahridagi “I.Karimov”, “Ibn Sino” hamda “Abu Hafs Kabir” koʻchalarida olib borilayotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik va koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan qadamma-qadam tanishib chiqilib, mazkur koʻchalar hududidan oʻtgan avtomobil yoʻli yoqasida joylashgan barcha obyektlardagi masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









