Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va “Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili asosida manzilli ishlar kuchaytirilmoqda
2026-02-28 14:40:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi Oqoltin tumanida boʻlib, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastavval boshqarma boshligʻi tumanning A.Navoiy mahallasiga tashrif buyurib, profilaktika inspektori hamda mahalla vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mahalladagi kriminogen vaziyat, aholi bilan manzilli ishlash, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Profilaktika inspektori tomonidan mahallada amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar, “xonadonbay” ishlash tizimi, muammoli oilalar bilan olib borilayotgan targʻibot va tushuntirish ishlari yuzasidan axborot berildi. Shuningdek, jinoyatchilikka moyil shaxslar bilan individual profilaktika ishlarini kuchaytirish, profilaktik hisobda turgan fuqarolar nazoratini yanada samarali tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shundan soʻng boshqarma boshligʻi alohida toifadagi shaxslar bilan uchrashib, ularning ijtimoiy ahvoli, turmush sharoiti hamda muammolari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlar davomida profilaktik hisobda turgan fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yoshlar va xotin-qizlar bilan alohida suhbatlar oʻtkazildi.
Muloqotlar chogʻida har bir murojaat va taklif atroflicha oʻrganilib, muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan manzilli ishlash, ularni jamiyatga moslashtirish, bandligini taʼminlash va qayta tarbiyalash choralarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Boshqarma boshligʻi tomonidan “Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili asosida aholi bilan doimiy muloqotni taʼminlash, har bir xonadonga kirib borish orqali muammolarni barvaqt aniqlash va hal etish muhimligi qayd etildi.
Amaliy tashrif yakunida masʼul xodimlarga xizmat samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va aholi tinchligi hamda osoyishtaligini taʼminlash borasida qoʻshimcha topshiriqlar berildi.






