Kitob – maʼrifat manbai” shiori ostida “Kitoblar yarmarkasi” tashkil etildi
2026-02-27 13:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, xodimlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilish, yangi nashrlar va sifatli tarjimalarni ommalashtirish maqsadida joriy yil 26-fevral kuni Vazirlik markaziy apparati hududida “Kitob – maʼrifat manbai” shiori ostida “Kitoblar yarmarkasi” tashkil etildi.
Mazkur tadbirda eng sara xorijiy va oʻzbek adabiyotlari, jumladan, badiiy, ilmiy-ommabop, huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.
Yarmarka ishtirokchilari oʻzlarining xizmat faoliyati va shaxsiy qiziqishlaridan kelib chiqib, zarur adabiyotlarni bevosita ish joyida xarid qilish imkoniga ega boʻldilar. Bu esa xodimlar uchun vaqt tejamkorligi va qulaylik yaratib, kitobga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Yangi davr shiddati sharoitida yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, Vatan va xalqqa muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda kitobxonlik madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, ichki ishlar organlari xodimlari uchun kitob mutolaasi kasbiy mahoratini oshirish, huquqiy bilimlarini mustahkamlash, tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda yuksak maʼnaviyatli shaxs sifatida shakllanishida muhim omil hisoblanadi.
Shu maʼnoda, “Kitob – maʼrifat manbai” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur yarmarka nafaqat kitob savdosi, balki maʼnaviyatni yuksaltirish, bilim va tafakkurni boyitishga qaratilgan amaliy tashabbus sifatida alohida ahamiyatga ega boʻldi.





