Kiberjinoyatchilik — dolzarb muammo
2026-02-27 23:00:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalar rivojlangan sari kiberjinoyatchilik jamiyatimizga katta tahdid solmoqda. Ayni kunlarda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Adliya vazirligi, ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida respublika miqyosida keng qamrovli targʻibot aksiyasi davom etmoqda.
Chilonzor tumanidagi “Abu Saxiy” savdo majmuasida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda “Tashkent trade center” xorijiy korxonasi bilan hamkorlikda “Ogoh boʻling: firibgar!” shiori ostida kiberfiribgarlik jinoyatlarining oldini olish boʻyicha targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Unda soha mutaxassislari kiberfiribgarlikning eng keng tarqalgan turlari, xususan, bank kartalaridan mablagʻlarni oʻgʻirlash, soxta havolalar (fishing) va ijtimoiy muhandislik usullari haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Bugun jinoyatchilik ayniqsa raqamli olamda kuchaymoqda, — deydi Oʻzbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi, pedagogika fanlari doktori, dotsent, podpolkovnik Ruslan Matchanov. — Binobarin, qonun ijodkorligida nafaqat jazo muqarrarligini, balki kibertahdidlarni aniqlashning profilaktik tizimini yaratishimiz lozim.
Firibgarlar inson psixologiyasiga taʼsir oʻtkazmoqda. Biz esa bunga qarshi huquqiy immunitetni shakllantirishimiz shart.
Tadbir savol-javoblarga boy boʻldi. Chunki bu muammo barchani birdek oʻylantirayotgani bor gap. Korxona xodimlari hamda mahalla ahli oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanishdi va atroflicha javob olishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga firibgarlik qurboniga aylanmaslik boʻyicha amaliy eslatma va qoʻllanmalar tarqatildi.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
