AQSH Federal tergov byurosi vakili Robert Uolker mamlakatimizga safari chogʻida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida boʻldi
2026-02-27 09:00:00 / Yangiliklar

Xorijlik mehmon dastlab oʻquv muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Axborot-resurs markazi, ixtisoslashgan mobil transport vositalari, jangovar va jismoniy tayyorgarlik majmuasi, maʼnaviyat va maʼrifat markazida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Robert Uolker taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlar, ayniqsa dual tizimda oʻqitish, ichki ishlar organlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, jinoyatchilikni ilmiy yondashuvlar asosida jilovlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishda erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi.
Shundan soʻng akademiya boshligʻi Rustam Xatamov ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston – AQSH munosabatlarining bugungi holatida manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalar yangi bosqichga koʻtarilgani, oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlar strategik sheriklikni chuqurlashtirish bilan birga, davlatlarimizning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.
Uchrashuvda xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Akademiya boshligʻi muloqotning ahamiyatini alohida qayd etib, qator takliflarini bildirib oʻtdi.
Tomonlar AQSH Federal tergov byurosi bilan ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzolash, transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida oʻquv kurslarini tashkil etish, taʼlim jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda boshqa muhim yoʻnalishlarda aloqalarni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






