IIV Akademiyasi rahbariyati Chilonzor tumani mahallalarida xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi
2026-02-27 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24-25-fevral kunlari IIV Akademiyasi boshligʻi Chilonzor tumani mahallalarida xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ilk manzil aholi gavjum “Beshyogʻoch” mahallasi boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, mahalla hududida 5 ta “jinoyat oʻchogʻi” qayd etilgan. Kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida manzilli taklif-tavsiyalar ishlab chiqilib, choraklik “yoʻl xarita”ga kiritilgan.
Joylarga 19 ta videokuzatuv kamerasi, 7 ta tashvish tugmasi, 22 ta tungi yoritgich oʻrnatilib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Qoʻshimcha 9 ta patrullik guruhi tashkil qilinib, hududlarga yoʻnaltirilgan. Kriminogen vaziyatning kunu tun nazorat qilinayotgani xavfsiz muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shu kuni mahalla vakillari bilan yangi tizim asosida natijadorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Masʼullarga “jinoyat oʻchoq”lariga barham berish, aholining barcha qatlamini manzilli profilaktik tadbirlarga qamrab olish, murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini koʻrish yuzasidan vazifalar berildi.
Shuningdek akademiya boshligʻi “Yakkabogʻ” mahallasida boʻlib, “yettilik” tizimi xodimlari bilan muloqot qildi. Uchrashuvda “poytaxt namunasi” asosida jinoyatlarni keskin kamaytirish, yangi tizimni keng joriy qilish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish xususida fikr almashildi.
Aytish joizki, mahalla hududida “Olmazor” metro bekati, “Toshkent” avtovokzali joylashgan. Viloyatlararo qatnovchi taksilar oʻrnashgan atroturargoh ham aholi bilan doimo gavjum. Ushbu joylarda huquqbuzarliklarning koʻp qayd etilayotgani kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Akademiya boshligʻi mazkur hududni koʻzdan kechirib, mutasaddilar va fuqarolar bilan suhbatlashdi. Aholiga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, yoʻllarda sunʼiy tirbandliklarning oldini olish, yashirin daromadlarga chek qoʻyish, hududlarni kameralashtirish, jamoat tartibini saqlashda qoʻshimcha kuch-vositalardan foydalanish zarurligini qayd etdi.
«Xavfsiz muhit yaratish aholining huquqiy madaniyatiga ham bogʻliq.
Shu bois, targʻibotlar orqali jinoyatchilikka murosasiz munosabatni shakllantirish, namunali amaliyot eng avvalo yurtdoshlarimizning osoyishta hayotini taʼminlashga qaratilganini tushuntirishimiz kerak», – dedi akademiya boshligʻi.
Oʻrganishlar davomida mahallalarga jalb qilingan kursantlarga xizmat intizomiga rioya qilish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikni jilovlashga masʼuliyat bilan yondashish, amaliy koʻnikmalarni shakllantirib borish borasida tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









