IIV rahbariyati tomonidan Fargʻona viloyatida tergov faoliyati tanqidiy oʻrganildi va aniq vazifalar belgilab berildi
2026-02-26 22:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashropov joriy yil 27-yanvar kuni Toshkent shahrida Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha namunali amaliyotni joriy etish, shuningdek, tergov sifatini oshirish va uni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Vazir oʻrinbosari joylarda tergovchi va surishtiruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, viloyatning har bir shahar va tumanida xizmat olib borayotgan tergovchilar bilan bevosita suhbatlar oʻtkazilib, ularning yurituvidagi jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallari boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish holati atroflicha oʻrganildi.
Shuningdek, sohada yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar, amaliyotda mavjud muammoli masalalar muhokama qilinib, tergov sifatini oshirishga qaratilgan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, IIOlarida navbatchilik qismlari faoliyati, «E-material» axborot tizimida qayd etilgan jinoyatga oid xabarlarni qonuniy hal etilishi hamda «Soʻrovxona»larda suhbat oʻtkazish amaliyotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi oʻrganilib, sohaviy xizmat rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tergov sifatini yanada yaxshilash, protsessual muddatlarga qatʼiy rioya etish, tergovga qadar tekshiruv materiallari yuzasidan qonuniy va asosli qarorlar qabul qilish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining barcha vajlarini tergov yoʻli bilan har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshirish, belgilangan tartibda oʻz vaqtida xabarnomalar yuborish, dalillarni oʻz vaqtida olish hamda ularni rasmiylashtirishda protsessual qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilish, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni dastlabki tergov bosqichida undirishga qaratilgan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish, tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Oʻrganish ishlari davom etmoqda.
IIV huzuridagi Tergov departamenti



