Fuqarolar muammolari eʼtiborda: Buxoro viloyatining Vobkent tumanida viloyat IIB boshligʻining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi
2026-02-26 11:10:00 / Yangiliklar

25-fevral kuni Vobkent tumanining “Charmgaron” mahallasi binosida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi ishtirokida aholi muammolarini oʻrganish va ularni ijobiy hal etish maqsadida navbatdagi ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi.
Yuzma-yuz muloqot va ochiq suhbat ruhida oʻtgan qabulda jami 15 dan ortiq fuqarolarning turli yoʻnalishdagi murojaatlari tinglandi. Aholi tomonidan koʻtarilgan har bir masalaga alohida eʼtibor qaratilib, ularni qonuniy va ijobiy hal etish yuzasidan amaliy yordam va yechimlar koʻrsatildi.
Kelib tushgan murojaatlarning asosiy yoʻnalishlari yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid masalalar, kredit ajratish bilan bogʻliq muammolar, dastlabki tergov va surishtiruv harakatlari yuzasidan huquqiy yordam soʻrash holatlari, ijtimoiy yordam va turmush sharoitini yaxshilash masalalari, ichki ishlar organlari tizimiga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarning murojaatlari, probatsiya nazorati ostidagi shaxslar bilan bogʻliq hamda boshqa turli ijtimoiy-huquqiy masalalardan iborat boʻldi.
Qabul qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilib, fuqarolarga zaruriy huquqiy tushuntirishlar berildi. Qoʻshimcha oʻrganish va maʼlum vaqt talab etadigan murojaatlar ijrosi viloyat IIB boshligʻining nazoratiga olinib, mutasaddi sohaviy xizmat rahbarlariga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



