Andijonda yosh xodimlar oʻrtasida “Xorijiy tillar intellektual chellenji” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi
2026-02-26 10:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan joriy yilning 24-yanvar kuni oʻtkazilgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, yosh xodimlarning xorijiy tillarni oʻzlashtirishga boʻlgan qiziqishi va intellektual salohiyatini oshirish maqsadida “Xorijiy tillar intellektual chellenji” koʻrik-tanlovi tashkil etildi.
Mazkur koʻrik-tanlovda ingliz tili boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yosh xodimlar ishtirok etib, oʻzaro bilim va tajribalarini sinovdan oʻtkazdilar. Bellashuvlar yuksak raqobat, murosasiz bahslar hamda kutilmagan savol va topshiriqlarga boy tarzda kechdi.
Tanlov jarayonlari xalqaro tan olingan baholash mezonlari — “IELTS” va “CEFR” sinov imtihonlari tizimi asosida tashkil etildi hamda xolisona baholandi. Bu esa ishtirokchilarning til bilimi darajasini aniq va shaffof mezonlar asosida baholash imkonini berdi.
Koʻrik-tanlov yakunlariga koʻra, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boʻlinmalari patrul-post xizmati batalyoni birinchi otryad patrul-post xizmati inspektori safdor Xusanjon Maniyozov 3-oʻrinni, Qoʻrgʻontepa tumani IIB 2-son ichki ishlar boʻlinmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori leytenant Fayzullo Xabibullayev 2-oʻrinni egalladi. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Elektron mablagʻlarni talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi katta tezkor vakili leytenant Davronbek Qaxorov esa faxrli 1-oʻringa sazovor boʻldi.
Gʻolib va faol ishtirokchilar boshqarma rahbariyati tomonidan munosib ragʻbatlantirilib, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Mazkur koʻrik-tanlov yosh xodimlarning xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishi, kasbiy faoliyatda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni keng joriy etish, shuningdek, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati



