Jazoni ijro etish tizimida. Muhim tamoyillardan biri
2026-02-26 06:00:00 / Yangiliklar

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi, murojaatlarga eʼtibor va xalq bilan muloqot darajasi jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biridir. Ayniqsa, jazoni ijro etish tizimida murojaatlar bilan ishlash masalasi inson huquq va manfaatlarini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning oʻtgan bir oyi davomida IIV huzuridagi JIED hamda uning tasarrufidagi muassasalarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 911 ta murojaat kelib tushgan. Olib borilgan tizimli chora-tadbirlar, joylarda tashkil etilgan sayyor qabullar va targʻibot ishlari natijasida murojaatlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 foizga, takroriy murojaatlar esa 44 foizga kamaygan.
Murojaatlarning aksariyati qanoatlantirilgan boʻlsa, ayrimlari yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Bu esa fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va asossiz murojaatlarning oldini olishda muhim omil boʻlmoqda.
Asosan mahkumlarni boshqa muassasaga oʻtkazish, afv etish, ularning sogʻligʻi, moddiy va ijtimoiy taʼminoti, manzil koloniyalarida kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ishlab chiqarish korxonalarida yaratilgan shart-sharoitlar, jazo turini yengilrogʻi bilan almashtirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish kabi masalalar boʻyicha murojaatlar qilingan. Shuningdek, pul oʻtkazmalari, mahkumlarning ish haqini oʻz vaqtida olishi, avvalgi muassasada qolib ketgan ish haqining, oila aʼzolari tomonidan yuborilgan mablagʻlarning hisob raqamiga oʻz vaqtida tushishi bilan bogʻliq murojaatlar ham atroflicha oʻrganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Advokatlar tomonidan mahkumlarga nisbatan tavsifnoma olish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar, qonuniy nikohni rasmiylashtirish yoki ajrimga rozilik olish, notarial harakatlarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan ham amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda. Ichki ishlar organlari vakolatiga kirmaydigan masalalar boʻyicha esa tegishli idoralarga murojaat qilish tartibi tushuntirilyapti. Departamentning Murojaatlar bilan ishlash guruhi faoliyati insonparvarlik tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilganini quyidagi misollar ham tasdiqlaydi.
Bir ayol yagona oʻgʻli jazo muddatini yashash manzilidan uzoq viloyatda oʻtayotgani, yoshi keksaligi bois uchrashuvlarga borishda qiynalayotgani yuzasidan murojaat qildi. Murojaat atroflicha oʻrganildi. Mahkumning xulq-atvori ijobiy ekani, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etayotgani, qonunchilikka koʻra uni yashash hududiga yaqin muassasaga oʻtkazishga toʻsiq yoʻqligi aniqlandi. Natijada murojaat ijobiy hal etilib, onaxon Departament rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Yana bir fuqaro ozodlikka chiqqanidan soʻng qonuniy bir martalik moddiy yordamni olishda muammoga duch kelganini bildirdi. Oʻrganishlar jarayonida uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati almashgani sabab maʼlumotlar bazasida noaniqliklar yuzaga kelgani maʼlum boʻldi. Muammo bartaraf etildi. Murojaatchi minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga maktub yoʻlladi.
Murojaatlar bilan ishlash inson manfaatlarini taʼminlash, qonuniylik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim oʻrin tutadi. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani chuqur anglangan holda, har bir masalaga masʼuliyat va insoniylik bilan yondashilayotgani. Bu esa jazoni ijro etish tizimida islohotlar izchil davom etayotganini va inson huquqlari ustuvor tamoyil sifatida taʼminlanayotganini koʻrsatadi.
Sadriddin XAYRULLAYEV, katta leytenant.
