Toshkent viloyati Zangiota tumanida giyohvandlik savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyildi
2026-02-24 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati IIBB va DXX tezkor xodimlari tomonidan “poytaxt namunasi” asosida Zangiota tumanini xavfsiz va jinoyatdan holi muhitga aylantirish maqsadida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi qator tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Davomi
Jumladan, Yakkasaroy tumanida yashovchi 22 yoshli ayol 26 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 2 mln soʻmga shartli xaridorga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Tezkor tadbirlar Sirgʻali, Quyi Chirchiq, Qibray hamda Mirzo Ulugʻbek tumanlarida davom ettirilib, ayolni dori vositalari bilan taʼminlab kelgan 26–50 yosh oraligʻidagi 3 nafar erkak va 2 nafar ayol daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Toʻrt kun davomida jami 6 nafar shaxsdan iborat narkozanjirning barcha boʻgʻinlari uzilib, ulardan turli hajm va koʻrinishdagi 98 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 135 gr gashish giyohvandlik vositasi hujjatlashtirilib olindi.
Shuningdek, Zangiota tumanida aniqlangan yana bir holatda, 1993-yilda tugʻilgan, Qoʻqon shahrida yashovchi shaxs 1181 dona psixotrop dori vositasini 30 mln soʻm evaziga shartli xaridorga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Umuman olganda, oʻtgan 40 kun mobaynida Zangiota tumani hududida giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jami 16 ta jinoiy holat aniqlanib, 2 ta uyushgan guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Tadbirlar natijasida turli hajm va koʻrinishdagi 1 kg giyohvandlik moddasi, 1 371 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 2 000 dozaga teng 400 gramm sintetik giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi.
Mazkur yoʻnalishdagi tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









