Qashqadaryoda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida stol tennisi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi
2026-02-23 13:20:00 / Yangiliklar

IIV “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati Qashqadaryo viloyati kengashining 2026-yil sport musobaqalarini oʻtkazish taqvimiy rejasiga asosan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar jamoalari shaxsiy tarkibi oʻrtasida sportning stol tennisi boʻyicha musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Musobaqada kengashga aʼzo jamoalar — Qashqadaryo viloyati IIB, Milliy gvardiya viloyat boʻyicha boshqarmasi, DXX viloyat boshqarmasi, IIV QQga qarashli 7533-harbiy qismi terma jamoalari qatnashdilar.
Qizgʻin va murosasiz kechgan tennis musobaqasi yakkalik bahslarida 1-oʻrinni DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimi Baratov Sarvar qoʻlga kiritdi. Navbatdagi sovrinli oʻrinlarni DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimi Amanov Tolib va Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchisi Valiyev Zarifjon 3-oʻrinni band etdi.
Stol tennisi musobaqasining xotin-qizlararo yakkalik bahslarida Ichki ishlar boshqarmasi xodimasi, Begimova Adolat barcha raqiblaridan ustunligini namoyish etib, gʻoliblik shohsupasidan joy oldi. DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimasi Abdurasulova Munavvar 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi Xakimova Dinara esa 3-oʻringa sazovor boʻldi.
Jamoalar oʻrtasida juftlik bahslarida DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi terma jamoasi birinchi, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi ikkinchi, Viloyat bojxona terma jamoasi uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.
Umumjamoa hisobida DXX Qashqadaryo viloyat boʻyicha boshqarmasi terma jamoasiga gʻoliblik nasib etdi. Navbatdagi sovrinli oʻrinlarni Ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi terma jamoasi egalladi.
Gʻoliblar IIV “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati Qashqadaryo viloyati kengashining diplomi va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati








