Profilaktika xizmati. Befarqlikka oʻrin yoʻq
2026-02-23 07:15:00 / Yangiliklar

Yangiariq tumanidagi «Xoʻjalar» mahallasi 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. 609 ta xonadon, 701 ta oila bor. Har bir eshik ortida esa oʻziga xos taqdirlar yashaydi.
Mahallada 47 ta videokuzatuv kamerasi ishlab turibdi. Profilaktika inspektorining xizmat xonasiga ulangan kuzatuv kameralari, yuzni tanib oluvchi hamda avtotransport raqamlarini aniqlovchi texnologiyalar hududni nazoratda ushlashga xizmat qilmoqda. Ammo jinoyatni faqat kamera emas, insoniy yaqinlik toʻxtatadi.
- Biz jinoyatga olib keladigan sabab va omillarni oldindan yoʻqotishga harakat qilyapmiz, - deydi mahalla profilaktika inspektori, kapitan Sirojbek Masharipov. - «Xonadonbay» va «Fuqarobay» tartibida ishlab chiqilgan yoʻl xaritalari doirasida joriy yilning har choragi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olganmiz. Jinoyat qanday boʻlishidan qatʼi nazar, u baribir jinoyat. Har birining ortida inson taqdiri bor. Shu bois jinoyatga yoʻl qoʻymaslik — asosiy vazifamiz.
Mahallada xotin-qizlar faoli bilan hamkorlik natijasida soʻnggi uch yil davomida ayollar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyat qayd etilmagan. Bu raqam emas - bu oldi olingan fojialar. Mahallada 55 nafar ishsiz, 16 nafar uyushmagan yoshlar bor. Har biri bilan manzilli ishlash yoʻlga qoʻyilgan. Chunki loqaydlik jinoyatni chaqiradi. Negaki, eng xavfli dushman — befarqlik. Profilaktika inspektori xizmat uyida yashaydi, uch yildan beri mahalla toʻylarida qatnashadi, hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali ham fuqarolar bilan bevosita muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalarga yechim izlaydi.
Nilufar JABBOROVA, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
