“Uch avlod“ uchrashuvi. Amaliy tajribadan istiqbol sari
2026-02-21 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent tumanida “Uch avlod” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Gʻoyat qizgʻin oʻtgan tadbir avlodlar oʻrtasidagi uzviylik, hayotiy tajriba va fuqarolik masʼuliyatini bir maydonga jam etgan muhim muloqotga aylandi.
Uchrashuvga Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi maslahatchisi, general-mayor Sayfulla Asadov, isteʼfodagi general-mayor Ahmadjon Usmonovlar taklif etildi.
Shuningdek, tadbirda huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlari, maktab direktorlari, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarning yettilik vakillari, yoshlar va profilaktika inspektorlari qatnashdi.
Uchrashuv davomida jamoat xavfsizligini taʼminlashda oila, mahalla va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish va maʼnaviy-axloqiy tarbiyani yuksaltirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Eng muhimi, katta avlodning hayotiy saboqlari, oʻrta avlodning amaliy tajribasi va yoshlarning faol pozitsiyasi bir nuqtada tutashdi. Bu esa xavfsiz jamiyat faqat qonun bilan emas, balki hamjihatlik, befarq boʻlmaslik va umumiy masʼuliyat bilan barpo etilishini yana bir bor koʻrsatdi.
Tadbir yakunida jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi faolligi va fidokorona xizmatlari uchun hamda bir guruh profilaktika inspektorlari esdalik sovgʻalari, tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
©️ “Postda” gazetasi, Rahimjon Shodiyev, Toshkent viloyati IIBB. Faxriylar kengashi aʼzosi.
