Jizzaxda “General va yoshlar” uchrashuvi: talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-02-21 10:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida oʻtkazildi.
“General va yoshlar” uchrashuvida Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordi.
Dastlab filial hududida yangitdan ishga tushirilgan zamonaviy voleybol maydonchasini koʻzdan kechirildi. Maydonchada sport bilan shugʻullanayotgan talabalar bilan samimiy suhbat tashkil etilib, yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishi va yaratilgan sharoitlar yuqori baholandi.
Talabalarning har jihatdan sogʻlom boʻlishlarida harakatli oʻyinlar va aql gimnastikasidan unumli foydalanilayotganligi eʼtirof etildi.
Shundan soʻng “Biz sogʻlom hayot tarafdorimiz” mavzusida rasmlar koʻrgazmasi bilan tanishildi. Filialning iqtidorli talabalari tomonidan ezgulik madh etilgan ushbu ijodiy ishlar yuqori baholandi, ilm olish bilan birga serqirra isteʼdodini namoyon etayotgan yoshlar maʼnan ragʻbatlantirildi.
Shundan soʻng uchrashuvning asosiy qismi “General va yoshlar” uchrashuvi doirasidagi ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida general-mayor yoshlarga motivatsion fikrlar, hayotiy tajribalar va amaliy maslahatlar taqdim etdi. Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning ogʻir oqibatlari, birgina xato qaror tufayli yillar va navqiron yoshlikning qurbon boʻlishi haqida hayotiy misollar keltirildi.
Fidoyi va bilimli mutaxassislar bilan yangi Renessans qurish jarayonida yoshlarning sogʻlom va zamonaviy dunyoqarashi, hayot tarzi muhimligi taʼkidlandi. Ochiq savol-javob jarayonida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri javob olish imkoniga ega boʻldilar. Ular uchun generalning hayot yoʻli, namunali xizmat faoliyati katta ibrat maktabi vazifasini oʻtadi.
Davra suhbati davomida giyohvandlik va kiberjinoyatchilikning oldini olish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasi, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish masalalari yuzasidan muhim tushunchalar berildi.
Talabalar mazkur uchrashuvdan unumli foydalanib, oʻz taklif va mulohazalarini bayon etishdi.
Xususan, kiberxavfsizlik boʻyicha koʻngillilar guruhini tuzish, oliy oʻquv yurti jamoalari oʻrtasida voleybol boʻyicha “IIB boshligʻi kubogi” musobaqasini tashkil etish, yoshlar oʻrtasida giyohvandlik va sintetik moddalar tarqalishining oldini olishda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha tashabbuslar bildirildi.
Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Tadbir yakunida OʻzMU Jizzax filiali direktori tomonidan general-mayor Gʻayrat Toirovichga tashakkurnoma taqdim etildi. Mehmonlar bu tashrif filial jamoasi va talabalar uchun esda qolarli uchrashuv boʻlganini, bunday muloqotlar yoshlarning kelajakda oʻz kasbini puxta egallashida hamda amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida oʻtkazildi.
“General va yoshlar” uchrashuvida Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati









