Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Qarshi tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-02-21 09:00:00 / Yangiliklar

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Abduvohid Ismoilov Qarshi tumanidagi bir qator mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Samimiy ruhda tashkil etilgan tadbirda yoshlarni qiynab kelayotgan muammolar, taklif va tashabbuslar atroflicha tinglandi.
Uchrashuv Qarshi tuman hokimligi binosida boʻlib oʻtdi. Unda tuman hokimligi masʼullari, tijorat banklari vakillari, Yoshlar masalalari boʻyicha mutasaddilar, mahallalardagi uyushmagan yoshlar ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida kontrakt toʻlovlarini amalga oshirishda qiynalayotgan oilalar, ishsiz yoshlar hamda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan fuqarolar oʻz murojaatlarini bildirishdi.
Har bir masala yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar yuklatilib, muammolarni ijobiy hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, probatsiya hisobida turgan yoshlar bilan alohida suhbat oʻtkazilib, ularning bandligini taʼminlash, jamiyatga moslashuvini qoʻllab-quvvatlash va qayta huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida 11 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirib, imtiyozli kredit ajratish boʻyicha amaliy yordam soʻradi.
Shuningdek, 6 nafar probatsiya hisobida turgan yosh bilan alohida ishlash yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Aytish joiz, mazkur ochiq muloqot yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolariga joyida yechim topish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









