Qonun koʻzgusida. Murojaatlar bilan ishlash — adolat mezoni
2026-02-20 13:40:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida fuqarolarning ariza va shikoyatlari bilan ishlash sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, endilikda asosiy eʼtibor muammoning amaliy yechimiga va xodimlarning xatti-harakatlari ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatishga qaratilmoqda.
Fuqaro va vazirlik oʻrtasidagi ishonch koʻprigi
Murojaatlar bilan ishlash boʻlimining asosiy vazifasi — arizalarni qabul qilib olish bilan cheklanib qolmasdan, har bir holat boʻyicha xolis oʻrganish oʻtkazilishini taʼminlashdir. Chunki adolatsizlikka, sansalorlikka yoki joylardagi xodimlarning nooʻrin xatti-harakatlariga duch kelgan fuqarolar aynan shu boʻlimga umid bilan yuzlanishadi.
Oʻtgan yil davomida IIV JXD HPX murojaatlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, shikoyatlar bilan ishlash jarayoni sondan sifatga oʻtmoqda. Endi har bir murojaat tizim ichidagi qonunbuzarliklarni aniqlash va xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Tizimli xatolar ustida ishlash
Qonun talablariga bepisandlik bilan qilinayotgan holatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, Xorazm va Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahrida jinoyat ishi qoʻzgʻatishni asossiz rad etish holatlari aniqlangan. Boʻlim xodimlari bunday qonun buzilishlarini oʻz vaqtida aniqlab, materiallarni qayta koʻrib chiqish uchun tergov organlariga qaytarayotir.
Ayniqsa, Andijon viloyatidagi bir holat mustaqil nazorat naqadar muhimligini koʻrsatdi. Gap shundaki, fuqaroning xodim ustidan qilgan shikoyatini oʻrganish aynan oʻsha xodimning oʻziga topshirilgan. Faqatgina vazirlikning qatʼiy aralashuvi va materiallarning sinchiklab oʻrganilishi natijasida adolat tiklandi. Bunday holatlar butun tizim uchun saboq boʻlishi kerak. Zero, murojaatlarga nisbatan befarqlik va «tanish-bilishchilik»ka aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Raqamli muloqot: Vazir bilan yuzma-yuz
Joriy yilning 26-yanvaridan boshlab aholi bilan muloqot qilishning mutlaqo yangi va zamonaviy shakli yoʻlga qoʻyildi. Ichki ishlar vazirining shaxsiy qabullari endi byurokratik toʻsiqlarsiz, yaʼni Toshkent shahri aholisi uchun bevosita ochiq muloqot tarzida, hududlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun esa zamonaviy videokonferensaloqa tizimi orqali oʻtkazilmoqda.
Endilikda oʻz muammosini rahbariyatga yetkazish uchun yuzlab kilometr yoʻl bosib, poytaxtga kelishga hojat qolmadi. Natijalar esa koʻzga koʻrinarli: tizimga oid muammolarning qariyb yarmi joyida hal etilmoqda. Xususan, mulkiy nizolar, yoʻl harakati xavfsizligi va kadrlar bilan bogʻliq masalalar oʻzining qonuniy yechimini topmoqda.
Adolat – erishilgan natijada
Tezkor aralashuvning yorqin misoli sifatida Bektemir tumanida yashovchi fuqaroning taqdirini keltirish mumkin. U firibgarlik qurboni boʻlib, uyi soxta hujjatlar orqali boshqa shaxslar nomiga oʻtkazib yuborilgandi. Faqatgina rahbariyat nazorati va sohaviy xizmatlarning izchil tekshiruvidan soʻng ish oldinga siljidi va sud adolatli qaror chiqardi.
Bu kabi ishlar barcha hududiy boshqarmalarda izchil davom ettirilmoqda. Qabul qilingan minglab fuqarolar va ijobiy hal etilgan yuzlab masalalar bugun har bir insonning ovozi eshitilayotganidan dalolatdir.
Poklik va qonuniylik
IIV JXD HPX murojaatlar bilan ishlash boʻlimi shunchaki ariza qabul qiluvchi maskan emas, balki tizimni nopok xodimlardan tozalash vositasidir. Bunda asosiysi hisobot uchun toʻldirilgan yigʻma jildlar soni emas, balki adolatning qaror topishi muhimdir.
Aziza Boxodirova, mayor. “Postda”
