Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Shirin shahri mahallalarida profilaktika ishlari samaradorligi tahlil qilindi
2026-02-20 06:20:00 / Yangiliklar

Dastavval, boshqarma boshligʻi Shirin shahar hokimiyatida boʻlib, u yerda “Chilonzor tajribasi” asosida tashkil etilgan ishchi guruh faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida ishchi guruh tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi murojaatlari bilan ishlash, muammoli oilalar hamda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan manzilli ish olib borish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Tashrif davomida boshqarma boshligʻi “Chilonzor tajribasi”ni hududda samarali tatbiq etish, profilaktik ishlar sifatini oshirish, sektorlar va tegishli tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha zarur koʻrsatma va tavsiyalarini berdi. Shuningdek, jinoyatchilikni jilovlashda tahlil va manzilli ishlash usullaridan samarali foydalanish, har bir mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Keyingi manzil Shirin shahrining “A.Temur” mahallasi boʻldi.
Mazkur mahallada Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi mahalla faollari, profilaktika inspektori hamda “mahalla yettiligi” aʼzolari bilan uchrashib, hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida mahalladagi kriminogen vaziyat tahlili, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan olib borilayotgan manzilli ishlar, muammoli oilalar holati, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi muhokama qilindi. Shuningdek, “Chilonzor tajribasi” asosida tashkil etilgan ishlarning amaldagi natijalari yuzasidan maʼlumotlar tinglandi.
Boshqarma boshligʻi tomonidan mahallada huquqbuzarliklarning oldini olishda tahlilga asoslangan yondashuvni kuchaytirish, har bir oila kesimida ishlash, aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish va profilaktik tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish boʻyicha aniq koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Oʻrganishlar davomida Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi “Doʻstlik” mahallasida ham boʻlib, mahalla yettiliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan manzilli ishlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼullarning axboroti tinglandi.
Tashrif davomida boshqarma boshligʻi mahallaga murojaat bilan kelgan fuqarolar bilan ham ochiq muloqot oʻtkazdi. Suhbat jarayonida aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy va huquqiy muammolar atroflicha oʻrganilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, har bir murojaat nazoratga olinishi, fuqarolar bilan ishlashda ochiqlik va tezkorlikni taʼminlash, “Xalq manfaati — ustuvor” tamoyili asosida ish tashkil etish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Tashrif yakunida hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, “Xavfsiz mahalla” tamoyilini toʻliq joriy etish borasida masʼullarga qoʻshimcha vazifalar belgilab berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



