Andijon viloyati IIB rahbariyati Izboskan tumanida “Jasorat sinfi” oʻquvchilari bilan uchrashdi
2026-02-19 14:50:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida Andijon viloyati IIB boshligʻi oʻquvchilar bilan ochiq muloqot olib borib, jasorat sinflarining mazmun-mohiyati, ularning yosh avlodni intizomli, bilimli va Vatanga sadoqatli etib tarbiyalashdagi ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuv davomida oʻquvchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar tinglanib, ularning qiziqishlari qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, mazkur taʼlim muassasasida barpo etilayotgan zamonaviy gimnastika shaharchasi qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Xususan, yugurish va toʻsiqlar yoʻlaklari, jismoniy tayyorgarlikni oshirishga xizmat qiluvchi inshootlar hamda oʻq otish tirining barpo etilishi yoshlarning jismoniy va maʼnaviy kamolotiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, jasorat sinfi oʻquvchilarining dars mashgʻulotlari kuzatilib, taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, vatanparvarlik gʻoyalarini yanada mustahkamlash va amaliy koʻnikmalarni oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar oʻrtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularni ona-Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga yanada kuchli turtki berishi bilan ahamiyatli boʻldi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati








