Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Sardoba tumanida kriminogen vaziyat oʻrganildi
2026-02-19 12:20:00 / Yangiliklar

Tashrif avvalida tuman Ichki ishlar boʻlimi binosida boʻlib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda xizmat intizomini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, shaxsiy tarkib bilan muloqot oʻtkazilib, xizmat samaradorligini oshirish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish va “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Boshqarma boshligʻi Chilonzor tajribasi asosida tashkil etilgan shtab faoliyatini ham koʻzdan kechirdi. Ushbu shtab orqali hududdagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish, muammoli nuqtalarni aniqlash va tezkor chora koʻrish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlandi. Tahlillar asosida jinoyatchilikka moyil shaxslar bilan individual ishlash, profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar nazoratini kuchaytirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Shundan soʻng boshqarma boshligʻi Sardoba tumanining “Otayurt” mahallasiga tashrif buyurib, mahallada amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar bilan tanishdi. Mahalla faollari, profilaktika inspektori va hududga biriktirilgan masʼul xodimlar bilan uchrashuv oʻtkazilib, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, aholi ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, muammoli oilalar holatini oʻrganish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida boshqarma boshligʻi profilaktika inspektorining xizmat uyiga ham tashrif buyurib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Profilaktika inspektorining yashash xizmat uyi holati, oila aʼzolari uchun yaratilgan qulayliklar, maishiy sharoitlar ham koʻzdan kechirildi.
Tashrif yakunida boshqarma boshligʻi tomonidan hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash hamda profilaktika tadbirlarini tizimli tashkil etish ustuvor vazifa ekani alohida taʼkidlandi. Har bir mahallada kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, “ogʻir” toifadagi fuqarolar, muammoli oilalar va yoshlar bilan individual ishlashni kuchaytirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlaridan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, murojaatlarga tezkor va adolatli munosabat bildirish, xizmat intizomi va masʼuliyatni yanada oshirish talab etildi.
Qayd etilganidek, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash — eng avvalo, aholi ishonchiga sazovor boʻlish orqali amalga oshiriladi. Shu bois, har bir xodim oʻz xizmat vazifasiga vijdonan yondashib, xalq tinchligi va farovonligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati





