Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi faoliyati oʻrganildi
2026-02-17 14:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi masʼul xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Ekspert-kriminalistika bosh markazida boʻlib, oʻqotar qurollar muomalasiga oid faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.
Oʻrganish jarayonida Bosh markaz masʼul xodimlari tomonidan oʻqotar qurollarga oid hisobotlarni shakllantirish, Davlat oʻq-gilzotekasini yuritish hamda avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimining imkoniyatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, mazkur tizimning oʻqotar qurollarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida tizimning amaliy imkoniyatlari, idoralararo axborot almashinuvi, monitoring mexanizmlari va raqamli integratsiya masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mavjud infratuzilmani yanada takomillashtirish, zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish hamda oʻqotar qurollar muomalasi ustidan nazorat samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.



