Sohaviy xizmatlarda. Hushyorlik kamaysa, xavf ortadi
2026-02-18 23:00:00 / Yangiliklar

Uchtepa tumanidagi “Oʻrikzor” savdo majmuasi poytaxtimizning eng yirik savdo markazlaridan biri sifatida nafaqat poytaxt ahli, balki butun respublikadan tashrif buyuruvchi odamlar bilan doim gavjum. Shu bois ushbu hududda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash alohida masʼuliyat talab etadi.
Yil boshidan buyon tuman IIO FMB JTSB PPX 2-otryad xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida bozor hududida 3 ta oʻgʻirlik jinoyati fosh etildi va qidiruvda boʻlgan 6 nafar shaxs qoʻlga olindi.
Bu borada otryad inspektorlari, safdorlar Abdujalil Nabiyev, Saidkamolxoʻja Xolmatov, Muhammadjon Muhiddinov, Alimardon Akbarov hamda Aʼzamjon Ismoilovlarning xizmatini alohida qayd etish joiz, — deydi IIO FMB JTSB PPX 2-otryad komandiri oʻrinbosari, leytenant Sherzod Avazov.
Bugungi kunda kiberfiribgarlikning yangi koʻrinishlari, ayniqsa, plastik kartalar va oldi-sotdi jarayonlari bilan bogʻliq aldov holatlari koʻp uchramoqda. Shu sababli, bozor profilaktika katta inspektori Abbos Qodirov PPX xodimlari bilan hamkorlikda fuqarolar oʻrtasida muntazam ravishda kiberxavfsizlik boʻyicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Xaridorlarga shaxsiy maʼlumotlarini begonalarga bermaslik va shubhali koʻringan xaridorlar bilan muloqotda ehtiyotkor boʻlish boʻyicha tavsiyalar berilmoqda.
Xodimlarning hushyorligi natijasida yaqinda yana bir koʻngilsizlikning oldi olindi. Bedarak yoʻqolgan namanganlik yigit-qiz bozorda telefon sotishga urinayotgan vaqtida PPX xodimlari tomonidan aniqlandi. Suhbat jarayonida ular uyidan qochib chiqib ketganligi maʼlum boʻldi va holat yuzasidan zudlik bilan yaqinlariga xabar berildi.
Bu voqea soha xodimlarining nafaqat tartibni saqlash ishiga, balki inson taqdiriga befarq emasligining yaqqol isboti.
Bozor atrofidagi yollarda harakat xavfsizligini taʼminlash ham diqqat markazida. Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 4-batalyon 5-safarbarlik guruhi inspektori, serjant Elbek Yorboboyev transport vositalari va piyodalar xavfsizligini taʼminlashga masʼul.
Uning taʼkidlashicha, koʻpgina piyodalar tomonidan svetoforning taqiqlovchi ishoralariga amal qilmay yoʻlni kesib oʻtish holatlari uchrab turibdi. Bu nafaqat qoidabuzarning, balki boshqa harakat ishtirokchilarining ham sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadi.
Shuningdek, ayrim transport vositalari egalari tomonidan ham qoidabuzarliklar sodir etilmoqda.
Xususan, belgilanmagan joylarda toʻxtash, toʻxtab turish qoidalarini buzish va piyodalarga yoʻl bermaslik holatlari shular jumlasidan. Bunday vaziyatlarda profilaktik suhbat va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Qoʻpol qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyganlarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrilmoqda.
Bozorda xavfsiz bolish uchun faqatgina ichki ishlar organlari xodimlarining harakati kamlik qiladi. Buning uchun har bir sotuvchi va xaridor birdek ogoh va hushyor boʻlishi kerak. Shundagina bozorga kelgan har bir inson uyiga xotirjam va yaxshi kayfiyat bilan qaytadi.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
