Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Navoiy viloyatida oʻrganishlar olib borildi
2026-02-18 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 yanvardagi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari hamda sohani takomillashtirishga doir PQ–111-sonli qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, Navoiy viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Nematjonovich Sattorov tomonidan Navoiy viloyatda bir qator oʻrganishlar olib bordi.
Tashrif davomida dastlabki manzil sifatida Navoiy shahridagi kriminogen vaziyati ogʻir “Vatan” mahallasida olib borilgan oʻrganishlarda Prezidentimizning joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Bu boradagi mavjud muammolar tanqidiy ruhda muhokama etilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Navbatdagi manzil viloyat IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati boʻldi. Zamonaviy texnologiyalarni sohaga joriy etish ahvoli Tezkor boshqaruv markazi faoliyati misolida tahlil qilindi. Rahbarlarga jamoat joylaridagi xavfsizlikni toʻliq raqamlashtirish orqali jinoyatchilikni jilovlash samaradorligini oshirish vazifasi yuklatildi.
Shundan soʻng, Navoiy shahar hududida xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tezkor-shtab faoliyati oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida mazkur shtab faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi.
Navoiy shahridagi aholi gavjum joylar, koʻngilochar maskanlarda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlash ahvoli koʻzdan kechirilib, tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar bilan suhbatlashildi. Xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish maqsadida oʻtkazilayotgan oʻrganishlar viloyat hududi boʻylab davom etmoqda.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati









