Andijon viloyati IIB rahbariyati tomonidan Boʻston tumani mahallalarida xavfsiz muhitni taʼminlash va biriktirilgan yoshlar muammolari manzilli oʻrganildi
2026-02-18 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvar kuni qabul qilingan PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, jamoat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan “Chilonzor tajribasi”ni amaliyotga izchil joriy etish doirasida Andijon viloyati IIB boshligʻi tomonidan Boʻston tumanida amalga oshirilayotgan ishlar yaqindan oʻrganildi.
Oʻrganish davomida tuman mahallalarida profilaktika va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligi tahlil qilinib, masʼullar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, tumanning “Pillakori” mahallasida “mahalla yettiligi” tomonidan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik, ishlab chiqilgan yoʻl xaritalari asosida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning amaliy natijalari tanqidiy-tahliliy jihatdan koʻrib chiqildi. Mavjud holat yuzasidan barcha yoʻnalishlar boʻyicha masʼullarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumanda “Chilonzor tajribasi”ni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha oʻrganildi. Jumladan, Boʻston tumani IIBda doimiy faoliyat yuritayotgan tezkor shtab ishi, mahallalar kesimidagi muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan biriktirilgan masʼullar tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar tinglandi. Mazkur yoʻnalishda ishlarni yanada kuchaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi doirasida esa Andijon viloyati IIB boshligʻiga biriktirilgan yoshlarning yashash manzillariga tashriflar amalga oshirildi.
Tashriflar chogʻida yoshlarning ota-onasi va yaqinlari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazilib, ularni qiynayotgan ijtimoiy, huquqiy va maishiy masalalar atroflicha oʻrganildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar belgilandi.
Ayni vaqtda, sport sohasida yuqori natijalarga erishayotgan, yutuqlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlar munosib ragʻbatlantirildi. Biriktirilgan boshqa yoshlarga ham moddiy va maʼnaviy koʻmaklar koʻrsatilib, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish, jamiyatda munosib oʻrin egallashi hamda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









