Surxondaryoda oʻtkazilgan stol tennisi boʻyicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi gʻoliblari aniqlanib, munosib taqdirlandi
2026-02-17 18:55:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 15–16-fevral kunlari Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida sportning stol tennisi turi boʻyicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 30-oktyabrda qabul qilingan “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6099-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 735-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.
Musobaqadan koʻzlangan asosiy maqsad — ichki ishlar organlari tizimida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, xodimlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, jismoniy faollikni tizimli va samarali yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Bellashuvlarda vazirlikning tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlinmalari terma jamoalari ishtirok etdi. Jami 21 ta jamoadan 65 nafar xodim gʻoliblik uchun oʻzaro kuch sinashishdi.
Yakkalik bahslari natijalariga koʻra:
3-oʻrin — oddiy askar Sharipov Bobur Baxrom oʻgʻli;
2-oʻrin — 3-darajali serjant Qambarov Sardorjon Soliyonovich;
1-oʻrin — kichik serjant Teshaboyev Izzatullo Xudoyorbek oʻgʻli.
Juftlik bahslari natijalariga koʻra:
3-oʻrin — Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi;
2-oʻrin — Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi;
1-oʻrin — Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi.
Umumjamoa hisobida:
3-oʻrin — IIV Akademiyasi hamda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoalari;
2-oʻrin — Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi;
1-oʻrin — Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi jamoasi gʻolib deb topildi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xoʻjanov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti — Jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Ozod Nasimovlar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovgʻalari hamda “Ichki ishlar vaziri kubogi” tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur musobaqa ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini mustahkamlash, jamoaviy hamjihatlikni oshirish hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati








